TIV Ozarbayjonga bormoqchi bo‘lgan fuqarolarni ogohlantirdi
Ozarbayjon Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Tezkor shtab qarori bilan mamlakatdagi maxsus karantin rejimi 2022-yil 1-yanvarga qadar uzaytirildi.


O‘zbekistonning Boku shahridagi elchixonasiga tayanib, TIV matbuot xizmati xabariga ko‘ra, hozirgi vaqtda yurtimiz fuqarolari Ozarbayjon hududiga kirishi uchun pasport turidan (xorijiy, diplomatik) qatʼiy nazar, o‘zlari bilan birga quyidagilarni olishlari kerak:
— Ozarbayjon Vazirlar Mahkamasi huzuridagi tezkor shtabning maxsus ruxsatnomasi. Ushbu ruxsatnomani rasmiylashtirish to‘g‘risidagi so‘rov belgilangan tartibda qabul qiluvchi tomon tarafidan oldindan, yaʼni Ozarbayjonga jo‘nab ketishdan 14 ish kunidan kam bo‘lmagan muddatda Tezkor shtabga jo‘natilishi zarur. Shu bilan birga, arizaning mavjudligi ruxsat olishni kafolatlamaydi hamda ruxsatnomaning berilishi – Ozarbayjonga kirib kelayotgan O‘zbekiston fuqarosi to‘g‘risidagi maʼlumotlarning Davlat chegara xizmatining tegishli ro‘yxatlarga o‘z vaqtida kiritilishni taʼminlanmasligi mumkin;
— Ozarbayjonga jo‘nashdan oldin so‘nggi 72 soat mobaynida olingan COVID-19 aniqlash uchun PZR-testinig salbiy javobi to‘g‘risidagi tibbiy maʼlumotnoma. Chegaradagi bo‘lishi mumkin bo‘lgan ortiqcha tekshiruvlardan va aeroportda rasmiyatchiliklardan aylanib o‘tish imkonini beruvchi QR-kod bo‘lishi maʼqul (QR-kodi mavjud bo‘lmagan maʼlumotnomalar egalari Boku shahrining aeroportida batafsil tekshiruvdan o‘tadi);
— COVID-19 pasportlarining turlaridan biri: "COVID-19‘ga qarshi emlashdan o‘tganlik to‘g‘risidagi guvohnoma" (fuqaro koronavirus infeksiyasiga qarshi vaksinaning kamida ikki dozasini olgandan keyin O‘zbekistonning vakolatli tibbiyot organi tomonidan beriladigan hujjat) yoki "COVID-19 immuniteti guvohnomasi" (fuqaroda koronavirus infeksiyasi bilan kasallanganligi va uning qonida antitanalar mavjudligi to‘g‘risida O‘zbekistonning vakolatli tibbiyot organi tomonidan beriladigan hujjat. Ushbu hujjat Ozarbayjonga kirishdan kamida 6 oy oldin berilgan bo‘lishi kerak).
Qayd etilishicha, sanab o‘tilgan hujjatlar fuqaro yonida bo‘lmagan taqdirda, ijtimoiy mavqeyi, davlat idoralarida va tijorat tuzilmalarida egallab turgan lavozimidan qatʼiy nazar, ularga Ozarbayjonga kirish taqiqlanadi va kelgan davlatiga qaytariladi.
Avvalroq talabalar O‘zbekistonning xorijdagi elchixonalarida amaliyot o‘tashi, O‘zbekiston elchixonasi va Berkshir grafligi vakillari uchrashgani, Moskvada Buyuk Britaniya elchixonasiga kirishga uringan o‘zbekistonlik ushlangani hamda Germaniyaning Toshkentdagi elchixonasi viza bo‘limi nomaʼlum vaqtga yopilgani haqida xabar berilgandi.







