“Smart pinky”. Smartfon foydalanuvchilari orasida barmoqning deformatsiyasi kuchaymoqda
Barmoqlaringizga diqqat bilan qarang. Ulardan birortasining egilganini sezdingizmi? Bu shuni anglatadiki, siz “Smart pinky”, yaʼni "aqlli kichik barmoq" sindromiga chalingansiz. Bu nima degani?

Mazkur kasallikda kichkina barmoqning qiyshayishi kuzatiladi. Agar sizda shunday bo‘lsa, demak siz smartfondan doimiy foydalanish bilan bog‘liq deformatsiyaga uchraganlar toifasiga kirasiz.
Mutaxassislar smartfonlardan foydalanishning barmoqlarga taʼsiridan ogohlantirishadi, chunki vaqt o‘tishi bilan u jiddiy muammoga aylanishi mumkin.
Biz mobil qurilmadan turli maqsadlarda foydalanamiz. Misol uchun, fotosuratlarni ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirishdan tortib, yangiliklarni o‘qishgacha.
Xullas, ayni davrda ko‘pchiligimiz bo‘sh vaqtimizning qariyb 90 foizini qo‘limizdagi telefon bilan o‘tkazamiz. Deyarli tanamizning bir qisimiga aylanib ulgurgan smartfon barmoqlarimizning qiyshayishiga sabab bo‘lmoqda.
Bu g‘alati yoki kulgili eshitilishi mumkin, biroq bundan oldin diqqat qilishingizni so‘raymiz.
Siz telefonni qaysi qo‘lingizda ko‘proq tutasiz? O‘ngda bo‘lsa, unda o‘ng qo‘lingizning jimjiloq barmog‘ini chap qo‘lingizning jimjilog‘i bilan solishtiring. Xo‘sh, sezildimi?
Qiyshayish ko‘proq kichkina barmoqlarda kuzatiladi, sababi smartfonni tutganimizda uning og‘irligini jimjiloqqa yo‘naltiramiz, boshqa barmoqlar bilan esa boshqaruvlarni amalga oshiramiz yoki yon tomonidan ushlaymiz.
Mutaxassislarning taʼkidlashicha, smartfondan ortiqcha foydalanish mushaklarning ishiga taʼsir qiladi. Yaʼni jimjiloq telefon ostida turgan holda uzoq qolishi nafaqat barmoqning qiyshayishi, balki bilak muskullarining muntazam og‘rib turishiga sabab bo‘ladi. Bunda nerv zarar ko‘rishi, panjaning harakatlanishida nuqson paydo bo‘lishi mumkin.
To‘g‘ri, bu juda jo‘n narsa bo‘lib ko‘rinishi mumkin, biroq mana shu jo‘nlikni organizmingizga taʼsir qilishiga befarq bo‘lmasligingiz lozim. Buning uchun siz vaqti-vaqti bilan maxsus mashqlarni muntazam tarzda bajarishingiz kerak:
Barmoqlaringizni egib, yozing, so‘ng birma-bir tortib chiqing. Keyin musht qilib tugib, qattiq qisib, qo‘yib yuboring. Mazkur mashqlarni besh marta bajarish kerak. Kuniga esa 5 marta takrorlagan maʼqul. Smartfondan foydalanish vaqtida esa jimjiloqni qurilma ostidan emas, yon tarafidan qo‘ygan maʼqul.
Yana ham yaxshi davo, qurilmani chetga qo‘yib, tanangizga dam berishdir. Bu bir tarafdan barmoqlaringizga foyda, boshqa tarafdan esa asabingizning tinchlanishiga yordam beradi.
Olamgir Abdiyev







