Lifestyle

Matodan batareyalargacha. Yong‘in keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan obyektlarni bilasizmi?

Biz yong‘in kelib chiqmasligi uchun doim ogoh bo‘lishga harakat qilamiz. Xonadan chiqib ketayotganimizda barcha chiroqlarni o‘chiramiz. Tokka tiqilgan jihozlarni ham uzib qo‘yishni unutmaymiz. “Gaz chiqmayaptimi?”, deb qayta-qayta qaraymiz. Bundan tashqari, “televizorni o‘chirdimmi yo yo‘qmi”, deb bir bekat masofadan uyga qaytgan paytimiz ham bo‘ladi. Nima sababdan? Albatta, yong‘in oqibatidan qo‘rqamiz.

Matodan batareyalargacha. Yong‘in keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan obyektlarni bilasizmi?

 

Taʼkidlash kerak, har doim ham tokka tiqilgan anjom yoki yoniq qolgan televozor, radio xavfli bo‘lavermaydi. Bu g‘alati tuyulishi mumkin, biroq buni izlanishlar isbotlagan. Aksariyat hollarda yong‘in muammosi butunlay g‘ayrioddiy narsalardan kelib chiqadi.

 

Yog‘ shimgan matolar

Mutaxassislarning aytishicha, kimyoviy moddalar bilan namlangan lattalar yoniq turgan elektr jihozidan ham xavfli hisoblanar ekan. Ayniqsa, mato mashina moyi yoki yong‘inga o‘ch biror eritma shimgan bo‘lsa. Izlanishlar shuni ko‘rsatadiki, havodagi kislorod taʼsirida matodagi kimyoviy birikmalar oksidlanadi va matoning yonishigacha bo‘lgan harorat paydo bo‘lishi mumkin.

Uyingiz, garajingiz yoki ustaxonangizni xavfsiz saqlash uchun turli xil kimyoviy moddalar bilan namlangan lattalarni suv bilan to‘ldirilgan idish va mahkam yopiladigan idishda saqlang. Eng yaxshisi, bunday chiqindilarni ishlatgandan keyin darhol yo‘q qilishdir.

 

Batareyalar

Batareyalarni stol tortmalarida saqlmaganingiz maʼqul. Ular, ayniqsa, elektr zarralariga reaksiya bildiradigan metal buyumlar bilan birga qo‘yilsa, juda xavflidir.

Keraksiz batareya va akkumulyatorlarni o‘z vaqtida utilizatsiya qilish tavsiya etiladi. Shuningdek, elektr qutblarini yopishqoq lenta bilan yopib qo‘ygan yaxshi.

 

Uy hayvonlari va kemiruvchilar

Statistik maʼlumotlarga ko‘ra, uy hayvonlari ham yong‘in chiqishiga sabab bo‘lishi mumkin.. Bunda kabellarning tishlanishi, chaynalishi va teshilishi nazarda tutiladi. Agar kabel ichidagi simlar ochiq qolsa, bu yong‘in xavfini orttiradi.Buning oldini olish uchun kabellarni yuqoriroq joydan o‘tkazgan maʼqul.

 

Noutbuklar

Noutbukni yostiq, adyol yoki ko‘rpa ustida yoniq holda  qoldirmaslik kerak. Chunki qurilmaning ostida matorchasiga havo yetkazib turadigan teshikchalar mavjud va bu orqali qurilma o‘zini o‘zi sovutib turadi. Uning yopilib qolishi noutbukning qizib ketishiga olib keladi. Oqibatini esa, aytmasa ham bo‘ladi.

Shuningdek, qizib ketgan elektron qurilmalarni tez-tez o‘chirib sovutib turish maslahat beriladi.

 

Lampochka

Bunda lampochkaga keladigan kuchli tok bosimi nazarda tutiladi. Garchi u zavodda ishlab chiqarilgan bo‘lsa ham bu uning ishonchli ekaniga kafolat bermaydi. Lampochka nafaqat yorilib sinishi, balki unga tok beradigan kabellar erib ketishi ham mumkin.

Bundan tashqari, mutaxassislar soch quritgich, chang yutgichni ham yong‘in keltirib chiqaradigan obyektlar qatoriga kiritadi. Ularning filtrlarini tez-tez ko‘zdan kechirish, agar chang yoki chiqindi to‘lgan bo‘lsa, vaqtida tozalash tavsiya qilinadi.

 

Olamgir Abdiyev

Matodan batareyalargacha. Yong‘in keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan obyektlarni bilasizmi? | Zamon.uz