Ertalab bosh og‘rig‘iga nima sabab bo‘ladi?
Baʼzida ertalab uyqudan uyg‘onishimiz bilan kuchli bosh og‘rishiga duch kelamiz. Bunday holatning bir qancha sabablari mavjud.

Migren
Mutaxassislarning taʼkidlashicha, yer yuzidagi 10-20 % odamni migren muammosi qiynaydi. Tonggi soat 4 dan 8 gacha organizmda kam miqdorda endorfin va enkefalin, shuningdek, qon bosimini oshishiga sabab bo‘ladigan adrenalin ajralib chiqadi. Shuning hisobiga ertalab bosh og‘rig‘i bezovta qilishi mumkin. Migrenda, asosan, boshning bir tarafida o‘qtin-o‘qtin og‘riq, ko‘ngil aynishi kuzatiladi. Og‘riq kuchliligidan ishlash va dam olishga layoqat bo‘lmasligi mumkin. Bu vaqtda nevrologga murojaat qilish kerak.
Uyqusizlik yoki chala uxlash
Uyqu bilan bog‘liq muammo organizmning tonggi tiklanishiga xalaqit beradi, buning oqibatida esa bosh og‘rig‘i kuzatiladi. Organizm tiniqib olishi, energiyaga to‘la bo‘lishi va salomatlikda muammolar kuzatilmasligi uchun ham mutaxassislar kuniga 7-8 soat uxlash kerakligini taʼkidlaydi. Shunday ekan, muammo kelib chiqmasligi uchun bir vaqtda yotib, bir vaqtda turishga odatlaning, kunduzi uxlamang. Yotoqxonangiz tinch, ortiqcha shovqinlarsiz, qorong‘i bo‘lishiga eʼtibor bering.
Kofein yetishmasligi sindromi
Qahvaga qaram inson to‘satdan qahva ichmay qolganida mazkur sindrom kuzatiladi. Qahva tarkibidagi kofein miyaga taʼsir qiladi, uni isteʼmol qilishdan to‘xtash esa bosh og‘rig‘iga sababchi bo‘lishi mumkin. Qahva ichishni to‘xtata olmasangiz, ichish miqdorini kamaytiring. Kuniga 1-2 finjondan ortiq qahfa ichmaslik tavsiya qilinadi.
Cho'lponoy Ahmedova tayyorladi







