Ahmad Farg‘oniy nomidagi xalqaro fizika olimpiadasida 150 ga yaqin o‘quvchi o‘z bilimini sinovdan o‘tkazmoqda
Ularning bilimini xalqaro miqyosdagi tajribali mutaxassislardan iborat hakamlar hayʼati baholab boradi.

Bir necha asrlar davomida aniq va tabiiy fanlar O‘zbekiston zaminida keng rivojlanib, Markaziy Osiyo hududi dunyo intellektual markazi bo‘lib kelgan. Farg‘onada O‘zbekistonda ilk bor o‘tkazilayotgan Ahmad Farg‘oniy nomidagi xalqaro fizika olimpiadasi bunga yorqin misol bo‘ladi.
Farg‘ona viloyati hokimligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, olimpiadada O‘zbekiston, Rossiya, Tojikiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘mondan 140 nafarga yaqin 9-11 sinf o‘quvchilari ishtirok etadi. Shuningdek, Turkiya, Malayziya, Misr, Ozarbayjon kabi 12 ta davlatning vakillari olimpiadada onlayn shaklda qatnashib, o‘z bilimini sinovdan o‘tkazadi.
Qayd etilishicha, maktab o‘quvchilari o‘rtasida xalqaro olimpiadaning ilk bor tashkil etilishi ularning fizika faniga bo‘lgan qiziqishini oshirishga va bilimlarini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 8–13 noyabr kunlari Farg‘onada O‘zbekistonda ilk bor Ahmad al-Farg‘oniy nomidagi xalqaro fizika olimpiadasi bo‘lib o‘tishi hamda hamda Xalqaro fan olimpiadalari g‘oliblariga 122,5 mln so‘mdan pul mukofoti topshirilgani haqida xabar berilgandi.







