Вelgilangan muddatdan 25 kun o‘tgan bo‘lsa ham, byudjet loyihasi va byudjetnoma Qonunchilik palatasiga kiritilmagan
Deputat Doniyor G‘aniyev 2022-yil uchun Davlat byudjeti loyihasi kechikayotganini aytdi.

2022-yil uchun yangilangan fiskal strategiya Moliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilganmi yoki yo‘q, bu savol so‘roq ostida qolmoqda.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Doniyor G‘aniyev 2022-yil uchun byudjet loyihasi ishlab chiqilishi cho‘zilib ketayotganini maʼlum qildi.
Maʼlumki, byudjet kodeksining 97-moddasiga asosan, Davlat byudjeti to‘g‘risidagi qonun loyihasi va byudjetnoma Vazirlar Mahkamasi tomonidan Oliy Majlis palatalariga, qoida tariqasida, joriy yilning 15-oktabridan kechiktirmay kiritilishi belgilangandi.
Ammo 2021-yil 9-noyabr holatiga, yaʼni belgilangan muddatdan 25 kun o‘tgan bo‘lsa ham, byudjet loyihasi va byudjetnoma Qonunchilik palatasiga kiritilmagan. Shuningdek, fiskal strategiyasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan joriy yilning 15 iyuniga qadar tasdiqlanishi va tasdiqlangan fiskal srtategiyasi Oliy Majlis palatalariga taqdim etilishi hamda jamoatchilik uchun Moliya vazirligi veb-saytida eʼlon qilinishi ham belgilangandi.
Shu muddatdan deyarli 5 oy vaqt o‘tgan bo‘lsada, o‘rta muddatli fiskal strategiya nizomi Oliy Majlis palatalariga kiritilmagani hamda Moliya vazirligi veb-saytida eʼlon qilinmagani ham oshkor bo‘lgan.
“Byudjet loyihasini Oliy Majlis palatalari tomonidan ko‘rib chiqilishi uchun ham yetarlicha vaqt berilishi kerak. Garchi amalda deputatlar byudjet loyihasi parametrlariga jiddiy o‘zgartirish yoki qo‘shimcha kiritolmasalarda, lekin byudjet muhokamasi uchun byudket kodeksida belgilangandek, qoida tariqasida, Qonunchilik palatasiga ham kamida 1 oy muddat qoldirilishi lozim. Umid qilamanki, byudjetnomani kiritishda kechikilgan vaqt uni Oliy Majlis palatalarida ko‘rib chiqiladigan muddatni qisqartirish hisobiga qoplanmaydi”, — deydi deputat
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qonunchilik palatasi vakillari 6 oyda nimalar qilgani Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri quyi palata deputatlari orasida vaksina olmaganlar sonini ochiqlagani haqida xabar berilgandi.
Cho‘lponoy Ahmedova







