Siyosat

Shavkat Mirziyoyev kasaba uyushmalari xodimlari va faollariga tabrik yo‘lladi

Soha xodimlarining saʼy-harakatlari natijasida 14 mingga yaqin xodimlarning buzilgan mehnat huquqlari tiklanib, ular foydasiga 3,6 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ undirib berildi.

Shavkat Mirziyoyev kasaba uyushmalari xodimlari va faollariga tabrik yo‘lladi

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev "11-noyabr — O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni" munosabati bilan O‘zbekiston kasaba uyushmalari xodimlariga tabrik yo‘lladi.

 

Qadrli vatandoshlar!

Hurmatli kasaba uyushmalari xodimlari va faollari!

 

Avvalo, siz azizlarni, sizlar orqali kasaba uyushmalarining millionlab aʼzolarini mamlakatimizda ilk bor nishonlanayotgan bayram – O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni bilan chin qalbimdan tabriklab, barchangizga o‘zimning yuksak hurmatim va ezgu tilaklarimni bildirishdan g‘oyat mamnunman.

 

Bugungi kunda yurtimizda kasaba uyushmalari tizimida 33 mingdan ortiq boshlang‘ich tashkilotlar samarali faoliyat ko‘rsatmoqda hamda 6 500 dan ziyod xodim va 300 mingga yaqin faollar fidokorona mehnat qilib kelmoqda.

 

Ayni paytda, kasaba uyushmalari o‘z safida 5,5 million nafardan ziyod aʼzolarni birlashtirib, ularning mehnatga oid huquq va manfaatlarini taʼminlashda yaqindan yordam berib kelmoqda. Ushbu ustuvor vazifani samarali taʼminlash maqsadida so‘nggi 5 yilda kasaba uyushmalari tizimida keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirildi, mehnat jamoalarida xodimlarni ijtimoiy-iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash ishlari yangi bosqichga ko‘tarildi.

 

Korxona va tashkilotlarda yil davomida 1 nafar ishchi va xizmatchilarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash sohasiga sarflanadigan o‘rtacha mablag‘ miqdori 5 marotaba oshirildi.

 

Bu davrda Kasaba uyushmalari federatsiyasi tizimida 14 ta sog‘lomlashtirish maskani qurildi, 5 tasi rekonstruksiya qilindi. Natijada bir yilda qo‘shimcha ravishda 34 ming nafar yurtdoshimizni tizimdagi sanatoriylarda sog‘lomlashtirish imkoniyati yaratildi.

 

Shuningdek, 593 mingga yaqin xodimlar va ularning oila aʼzolari, 8700 dan ortiq urush va mehnat fronti faxriylari sanatoriylarda sog‘lomlashtirilgani, 1,5 million nafardan ortiq bolalarning oromgohlarda dam olishlari tashkil etilgani ham bu boradagi ishlar ko‘lamining kengligidan dalolat beradi.

 

Bundan tashqari, 788 mingdan ziyod xodimlar va ularning oila aʼzolari, 14 mingga yaqin keksa avlod vakillari va 15 mingdan ortiq ehtiyojmand oilalar aʼzolarining respublikamizdagi diqqatga sazovor qadamjolarga sayohatlari tashkil qilindi.

 

Xodimlar mehnatini muhofaza qilish maqsadida kasaba uyushmalari tomonidan 16 mingga yaqin korxona va tashkilotlar faoliyati o‘rganilib, aniqlangan 61 mingdan ziyod kamchiliklar bartaraf etilishi taʼminlandi.

 

Keyingi yillarda sohada xalqaro hamkorlik aloqalari mustahkamlanib bormoqda. Xususan, O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi Kasaba uyushmalari umumkonfederatsiyasiga aʼzolikka qabul qilindi, Markaziy Osiyo davlatlarining turdosh tashkilotlari bilan kelishuvlar tuzildi, Xalqaro mehnat tashkiloti bilan hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarildi.

 

So‘nggi yillarda aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, inson huquq va manfaatlarini taʼminlashda kasaba uyushmalari faol ishtirok etib kelmoqda. Jumladan, “Ayollar daftari” bilan ishlash tizimi orqali o‘tgan davr mobaynida mutasaddi vazirlik va idoralar, hokimliklar bilan hamkorlikda 6,5 milliondan ortiq xotin-qizlar bilan muloqotlar o‘tkazilib, 900 mingga yaqin opa-singillarimizning muammolarini ijobiy hal etishda kasaba uyushmalari davlatimizga mustahkam tayanch bo‘lib maydonga chiqqanini minnatdorlik bilan eʼtirof etish joiz.

 

Bu haqda gapirganda, o‘tgan yili Kasaba uyushmalari federatsiyasi huzurida tashkil etilgan 1211 “ishonch telefoni”ga kelib tushgan xotin-qizlarning 100 mingga yaqin murojaatlarida bildirilgan masalalarning hal etilgani alohida tahsinga loyiq.

 

Hurmatli do‘stlar!

 

Maʼlumki, biz o‘z oldimizga Yangi O‘zbekistonni barpo etishdek buyuk vazifani strategik maqsad qilib qo‘ydik. Shu maʼnoda, “Inson qadri uchun” g‘oyasini umummilliy harakatga, yurtimizni keng imkoniyatlar va amaliy ishlar mamlakatiga aylantirishda davlat va jamoat tashkilotlari bilan bir qatorda, hech shubhasiz, kasaba uyushmalari ham muhim o‘rin tutadi.  

 

Biz bundan buyon ham bandlikni taʼminlash va aholini ijtimoiy muhofaza qilish sohalarida ijtimoiy sheriklik imkoniyatlarini yana-da kengaytirish, taʼsirchan jamoatchilik nazoratini o‘rnatishga oid tashabbuslaringizni qo‘llab-quvvatlaymiz.

 

Shu bilan birga, korxona va tashkilotlarda xodimlarning kasbiy, mehnatga oid, ijtimoiy-iqtisodiy huquqlarini taʼminlash tizimini yana-da kuchaytirishni davrning o‘zi taqozo etmoqda.

 

Mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan barcha ish beruvchilar va rahbarlar butun dunyoda tan olingan quyidagi qoidaga amal qilishlarini istardim: har qaysi korxona yoki tashkilotda albatta kasaba uyushmasi faoliyat ko‘rsatishi va rahbarlar albatta ular bilan yaqin hamkorlikda ish olib borishi shart. Shundagina jamiyatimizda mehnat qonunchiligi buzilishi holatlarining oldi olinadi, hayotimizda ijtimoiy adolat yana-da mustahkam qaror topadi.

 

Aziz va muhtaram vatandoshlar!

 

Jonajon Vatanimiz o‘z taraqqiyotining hal qiluvchi bosqichiga kirayotgan, inson qadri, huquq va manfaatlarini taʼminlash barcha sohalarda biz uchun bosh maqsadga aylanayotgan hozirgi paytda hayotning o‘zi butun xalqimiz kabi kasaba uyushmalari oldiga ham ulkan vazifalarni qo‘ymoqda.

 

O‘zining katta va boy tajriba maktabi, shonli anʼanalariga ega bo‘lgan mamlakatimiz kasaba uyushmalari ularni samarali hal etib, Yangi O‘zbekistonda yangicha mehnat munosabatlari shakllanishi va ravnaq topishiga munosib hissa qo‘shadi, deb ishonaman.

 

Biz bu yo‘lda ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, kasaba uyushmalarining fuqarolik jamiyatining eng faol institutlaridan biriga aylanishi uchun ko‘maklashish bo‘yicha bundan buyon ham bor imkoniyatlarimizni safarbar etamiz.

 

Sizlarni bugungi qutlug‘ ayyom – O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni bilan yana bir bor samimiy tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, masʼuliyatli va olijanob ishlaringizda yangi-yangi yutuqlar tilayman.

 

Mana shunday quvonchli kunlaringiz ko‘p bo‘lsin, xonadonlaringizdan hech qachon tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka, baxt va omad arimasin! 

 

Shavkat Mirziyoyev,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Xalqaro ishonch: O‘zbekiston BMT kongressiga mezbonlik qiladi

Xalqaro ishonch: O‘zbekiston BMT kongressiga mezbonlik qiladi

Saida Mirziyoyeva Abu-Dabida o‘tkazilgan Jinoyatchilikning oldini olish va jinoiy odil sudlov bo‘yicha 15-kongressida ishtirok etdi.

Saida Mirziyoyeva Abu-Dabida BAA Prezidenti bilan uchrashdi

Saida Mirziyoyeva Abu-Dabida BAA Prezidenti bilan uchrashdi

Tomonlar savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish va sun’iy intellekt sohasidagi istiqbollarni muhokama qildi.

Qozog‘istondagi harbiylar halokati: Mirziyoyev Toqayevga hamdardlik yo‘lladi

Qozog‘istondagi harbiylar halokati: Mirziyoyev Toqayevga hamdardlik yo‘lladi

O‘zbekiston Prezidenti Kaspiy dengizidagi mashg‘ulotlarda halok bo‘lgan harbiylarning oila a’zolari va yaqinlariga sabr-toqat tiladi.

C5+1 uchrashuvi Samarqandda: Marko Rubio O‘zbekistonga keladi

C5+1 uchrashuvi Samarqandda: Marko Rubio O‘zbekistonga keladi

AQSH Davlat kotibi 100 dan ortiq Amerika kompaniyasi vakillaridan iborat delegatsiyaga boshchilik qiladi.

Shavkat Mirziyoyev Xitoy delegatsiyasini qabul qildi

Shavkat Mirziyoyev Xitoy delegatsiyasini qabul qildi

Tomonlar o‘rtasida infratuzilma, investitsiya va “yashil” sanoat yo‘nalishlaridagi hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Shavkat Mirziyoyev Kobaxidzeni tavallud kuni bilan tabrikladi

Shavkat Mirziyoyev Kobaxidzeni tavallud kuni bilan tabrikladi

O‘zbekiston va Gruziya Poti va Anakliya portlari infratuzilmasidan samarali foydalanish orqali transport aloqalarini rivojlantirishni muhokama qildi.

Saida Mirziyoyeva JST bosh direktori bilan uchrashdi

Saida Mirziyoyeva JST bosh direktori bilan uchrashdi

Uchrashuvda O‘zbekistonning tashkilotga a’zo bo‘lish jarayoni va oldinda turgan yakuniy vazifalarni muhokama qildi.

Saida Mirziyoyeva “BlackRock” rahbariyati bilan uchrashdi

Saida Mirziyoyeva “BlackRock” rahbariyati bilan uchrashdi

Uchrashuvda 2027-yilda Toshkent xalqaro moliya markazi faoliyatini yo‘lga qo‘yish masalasini muhokama qildi.

Shavkat Mirziyoyev kasaba uyushmalari xodimlari va faollariga tabrik yo‘lladi | Zamon.uz