Sirdaryoda bir nechta terrorchi guruh a’zolari ushlandi
Ular Suriya Arab Respublikasi hududidagi terrorchi tashkilotning aʼzolarining taʼsiriga tushgani maʼlum bo‘lgan.

9-noyabr kuni DXX Sirdaryo viloyati bo‘yicha Boshqarmasi hamda viloyat IIB bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazildi.
Xovos tumanida yashovchi B.T. va uning bir nechta hamfikrlari bilan internet orqali yozishmalari va ijtimoiy tarmoqlardagi o‘zaro xabar almashinuv munosabatlari orasida ekstremistik mazmundagi materiallar topilgan.
Jumladan, “jihod”ga chorlovchi materiallarni muntazam ravishda tarqatib kelgan.
Bundan tashqari, guruh yetakchisi B.T.ning kelgusida Suriyaga borib, terrorchi guruhlar tarkibiga qo‘shilishni reja qilganligi to‘g‘risida aniq maʼlumotlar olindi.
Terror guruhi aʼzolarining yashash manzili tintuv qilinganda ularning uyali aloqa vositalarida qonunga hilof bo‘lgan maʼlumotlar topilgan va protsessual tartibda rasmiylashtirilgan. Mazkur dalillar asosida B.T.ga Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida qamoqqa olish chorasi qo‘llanildi.
Hozirda B.T. va uning sheriklari tergov-surishtiruv tadbirlari davom ettirilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Hizb-ut Tahrir”ning o‘zbekistonlik yetakchisi Qozog‘istonda qo‘lga olingani hamda Jizzax viloyatida Hizb ut-Tahrir al-Islomi xalqaro terrorchilik guruhi vakillari ushlangani haqida xabar berilgandi. Shuningdek, Qashqadaryoda xonadonida hujra tashkil etgan ona-bola aniqlangandi.
Cho‘lponoy Ahmedova







