Tomorqa xo‘jaligi sohasidagi loyihalar yangicha mexanizm asosida amalga oshiriladi — Shavkat Mirziyoyev
Ayni paytda muhokama qilingan masalalar yuzasidan Bosh vazir o‘rinbosarlari, tarmoq va hududlar rahbalari axborot bermoqda.

Avvalroq Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida qishloq xo‘jaligi yerlarini ijaraga berish, meva-sabzavotchilik klasterlari va tomorqa xo‘jaliklari faoliyatini yana-da rivojlantirish borasidagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi boshlangandi.
Prezident raisligidagi yig‘ilish davom etmoqda. Navbatdagi masala - tomorqa xo‘jaligini rivojlantirish. Davlatimiz rahbari bu boradagi vazifalarni belgilab berdi:
- 500 ming gektardan ziyod tomorqalardan samarali foydalanish uchun kelgusi yil 100 million dollar ajratilishi taʼkidlandi;
- tomorqada dehqonchilikni yo‘lga qo‘yish uchun oilaviy tadbirkorlik dasturi shartlari asosida imtiyozli kreditlar beriladi;
- tomorqada yetishtirilgan mahsulotlarni kafolatli xarid qilish maqsadida har bir tumanda kooperatsiyalar tashkil etilib, ularni jihozlashga 30 foizgacha subsidiya beriladi.
- suv taʼminoti og‘ir tomorqa yerlari va foydalanishdan chiqqan maydonlarni sug‘orish xarajatlarini qisman qoplashga kelgusi yilda 50 milliard so‘m ajratiladi.
Aholi daromadini oshirish va bozorlar to‘kin-sochinligini taʼminlash uchun har bir xonadonda kamida 100 ta parranda, 20 ta quyon, 5-6 ta qo‘y va echki, 5 ta asalari uyalari boqishni yo‘lga qo‘yish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
"Hokim yordamchilari mahallada ishlarni shunday loyihalardan boshlashi kerak", — dedi Prezident.
Tomorqa xo‘jaligi sohasidagi loyihalar yangicha mexanizm asosida amalga oshiriladi. Bunda:
- hokim yordamchilari tomonidan har bir mahallada kooperatsiya asosida parranda, quyonchilik, qo‘y-echkichilik, asalarichilik bilan shug‘ullanish istagini bildirgan yetakchi tadbirkorlar aniqlanadi;
- tijorat banklari tomonidan ushbu tadbirkorlar bilan loyiha ishlab chiqilib, ularga kredit ajratiladi;
- har bir tumanda yetkazib beruvchi tashkilotlar ro‘yxati shakllantirilib, joylarda “mobil tarqatish xizmatlari” faoliyati yo‘lga qo‘yiladi;
- ushbu loyihalarga oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida 2 trillion so‘mdan ziyod kredit ajratiladi;
- har bir tumanda veterinariya xizmatlari ko‘rsatish va ozuqa-yem tarqatish, aholini o‘qitish markazlari ochiladi.
Shuningdek, Bog‘dorchilik agentligining viloyat bo‘limlari, tumanlarda meva-sabzavot va uzumchilikni rivojlantirish bo‘yicha loyiha ofislari tashkil etilishga ko‘rsatma berildi.







