Krishtianu Ronalduning atrofida nima gap?
Turin prokuraturasi “Manchester Yunayted” hujumchisi Krishtianu Ronalduni so‘roq qilishni rejalashtirmoqda.

“La Gazzetta dello Sport” nashrining xabariga ko‘ra, tergov 36 yoshli futbolchining Turin klubi bilan moliyaviy hamkorligi tafsilotlari bilan qiziqmoqda.
Avvalroq Italiya huquq-tartibot idoralari Krishtianu Ronalduning “Yuventus” bilan shartnomasining moliyaviy tafsilotlarini o‘rganayotgani, o‘tgan yilgi karantin paytida futbolchini moliyaviy hisobotlarga kiritmasdan to‘lovlarni amalga oshirishi mumkinligi haqida ma’lumotlar paydo bo‘lgan edi.
Klub vakillari soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash va noqonuniy to‘lovlar haqidagi shubhalarga hech qanday munosabat bildirmagani ma’lum bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq polisiya “Yuventus” bosh qarorgohida tergov uchun zarur bo‘lgan hujjatlarni olib qo‘yish uchun tintuv o‘tkazgan edi.
Avvalroq Ronaldu Manchesterdan ketmoqchiligi va portugaliyalik futbolchi yana “Oltin to‘p” yutmoqchiligi haqida xabar berilgandi.
Jamshidbek Amirov








