"Qurilish sohasiga sarflangan har bir so‘m egasigacha to‘liq yetib borishi zarur" — Shavkat Mirziyoyev
Yig‘ilishda kelgusi yildan qurilishlarda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha yangi tizim yaratilishi taʼkidlandi.

Bosh prokuror o‘rinbosari boshchiligida respublika shtabi va viloyat shtablari tuziladi.
Ular qurilish narxlarini asossiz oshirish, raqobatni buzish, tasdiqlangan loyihalarni o‘zboshimchalik bilan o‘zgartirish, tanish-bilishchilikka yo‘l qo‘ymaslik ustidan qatʼiy nazorat o‘rnatadi.
Kelgusi yilda ipoteka dasturlari doirasida 50 mingga yaqin xonadonli uy-joylar quriladi. Bunga qariyb 13 trillion so‘m maqsadli kredit va 1,3 trillion so‘m subsidiya ajratiladi. "Bu dastlabki hisob-kitoblar. Agar talab bo‘lsa, yana qo‘shimcha resurs ajratiladi", — dedi Prezident.
Bundan tashqari:
- ipoteka kreditlari va subsidiya olishda, uy-joy maydoni va narxi bilan bog‘liq cheklovlar ipoteka kreditlari shartlaridan chiqarib tashlanadi;
- ehtiyojmand aholiga dastlabki badalning bir qismini qoplash uchun 32 million so‘m subsidiya to‘lanadi;
- ehtiyojmand aholi tomonidan kreditni qaytarishda foizning davlat tomonidan qoplab beriladigan subsidiya miqdori barcha hududlar uchun bir xil - 10 foiz etib belgilanadi (hozirda viloyatlarda 10 foiz, Toshkent shahrida 12 foizdan yuqori qismi qoplab berilmoqda);
- subsidiyalar yakka tartibdagi uy-joy qurish va taʼmirlash uchun olingan kreditlar uchun ham beriladi;
- ipoteka kreditini olishda qarindosh bo‘lmagan fuqarolarning kafil bo‘lishiga ruxsat beriladi (bugungi kunda faqat yaqin qarindoshlar kafil bo‘la oladi).
Eslatib o‘tamiz, avvalroq davlatimiz rahbari har bir hududda uy-joy qurilish klasterlari hamda mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish markazlari tashkil etilishi haqida xabar berilgandi.







