Shavkat Mirziyoyev Abu-Dabi valiahdi Shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayon bilan telefon orqali suhbatlashdi
Suhbatda ko‘p qirrali O‘zbekiston-BAA hamkorligi kun tartibidagi dolzarb masalalar ko‘rib chiqildi.


Prezident Shavkat Mirziyoyev Abu-Dabi valiahdi, Birlashgan Arab Amirliklari Qurolli Kuchlari Oliy bosh qo‘mondoni o‘rinbosari Shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayon bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Davlatimiz rahbari Abu-Dabi valiahdini, do‘st Amirliklar rahbariyati va xalqini ushbu mamlakat tashkil topganining 50 yilligi bilan samimiy qutlab, tinchlik-osoyishtalik, farovonlik, bardavom taraqqiyot va ravnaq tiladi.
BAAning davlat qurilishi va iqtisodiy rivojlanishda yuksak muvaffaqiyatlarga erishgani, ular keng xalqaro eʼtirofga sazovor bo‘lgani va Dubay shahrida o‘tayotgan EXPO butunjahon ko‘rgazmasida yana bir bor namoyish etilgani alohida qayd etildi.
Muqobil energetika, sanoat, qishloq xo‘jaligi, infratuzilmani modernizatsiya qilish, boshqaruv kadrlarini tayyorlash va boshqa ustuvor sohalarda samarali hamkorlik qilinayotgani hamda Amirliklarning yetakchi tashkilotlari, kompaniya va moliyaviy institutlari ishtirokidagi qo‘shma loyihalar muvaffaqiyatli ilgari surilayotgani mamnuniyat bilan taʼkidlandi.
Uzoq muddatli sheriklikning yangi ilg‘or yo‘nalish va dasturlarini belgilab olish maqsadida faol muloqot va almashinuvlarni davom ettirish muhim ekani qayd etildi.
Abu-Dabi valiahdi Amirliklarning har doimgidek do‘stona va yaqin ikki tomonlama munosabatlarni yana-da mustahkamlash borasidagi intilishi qatʼiy ekanini tasdiqladi hamda O‘zbekiston va BAA o‘rtasidagi keng ko‘lamli hamkorlikni davom ettirish zarurligini taʼkidladi.
Telefon orqali muloqot do‘stona, ishonch va ishchanlik ruhida o‘tdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev Kunio Mikuriyani qabul qilgani, Gurbanguli Berdimuhamedov bilan tor doiradagi muzokaralari, Pokiston Bosh vaziri Imron Xon bilan uchrashgani, Hindiston tashqi ishlar vazirini qabul qilgani hamda O‘zbekiston va Tojikiston yetakchilari mintaqaviy hamkorlik masalalarini muhokama qilgani haqida xabar berilgandi.







