Ayni damda Zangiota yuqumli kasalliklar shifoxonasida 700 nafarga yaqin bemor davolanmoqda
Markaz 2000 nafar bemorga mo‘ljallangan.

Toshkent viloyatidagi Zangiota 2-son yuqumli kasalliklar shifoxonasi bugungi kunda 700 nafardan ortiq bemor davolanmoqda. Bu haqda SSV Matbuot xizmatiga shifoxonasi direktori Doniyor Mirazimov xabar qildi.
Shifoxonasi direktori Doniyor Mirazimovning bergan maʼlumotiga ko‘ra ayni damda shifoxonada koronavirusga gumon qilingan, PZR test musbat natijasi tasdiqlangan va pnevmoniyaga chalingan 700 nafarga yaqin bemor davolanmoqda.
Hozirda bemorlarning 97 nafari og‘ir, 455 nafari o‘rta og‘ir, 116 nafari o‘ta og‘ir ahvolda. Ayni paytda jonlantirish bo‘limida 129 nafar kishi davolanmoqda.
Shifoxonaga kuniga o‘rta hisobda 80 nafarga yaqin bemor murojaat qilib, shulardan 50 nafarga yaqini gospitalizatsiya qilinyapti. Qolaversa, bir kunda o‘rtacha 75-85 nafar kishi kasallikdan to‘liq sog‘aymoqda. Natijada joriy yilning sentyabr oyi bilan solishtirganda bemorlar soni 40 foizga kamaydi.
Mutaxassisning maʼlumotiga ko‘ra shifoxonada barcha sharoitlar yaratilgan. Xususan, markazda bemorlarga gemodializ muolajasini olishlari uchun bir vaqtning o‘zida 20 ta o‘rin-joy ajratilgan.
Avvalroq, Zangiota yuqumli kasalliklar shifoxonasida yil boshidan buyon 377 nafar chaqaloq dunyoga kelgani hamda Zangiota 1-son yuqumli kasalliklar shifoxonasi bosh shifokori Anvar Husanovning xalqqa qilgan murojaat haqida xabar berilgandi.
Munojat Valiyeva







