Shamollash va quruq yo‘talni davolashdagi eng samarali usullar
Retseptlarning deyarli hammasi, tabiiy mahsulotlardan tayyorlanadi va oddiy tarkibga ega.

Kuz-qish mavsumida turli kasalliklar, viruslar salomatligimizgaputur yetkazadi. Yo‘tal, isitma, shamollashdan inson tanasi toliqadi. Shunday hollarda uy sharoitida tabiiy mahsulotlardan foydalanib, o‘z salomatligimizga eʼtiborli bo‘lishimiz zarur.
Asalli turp shirasi
Yirikroq turpni olib, uning bosh tomonidan kesib, ichini maʼlum miqdorda (3/1) tozalaymiz. Kovlab olingan joy yarimida asal quyib, yuqorisini turpdan sizib chiqadigan shira suv uchun bo‘sh qoldirib, kesilgan joyni yopiladi. So‘ng, qaynoq suv to‘la banka og‘ziga dumcha tomoni bilan botirib qo‘yiladi.
3−4 soat o‘tgach, erigan asal va ajralib chiqqan turp shirasi stakanga quyiladi va isteʼmol qilish mumkin. Tomoq yo‘lidagi balg‘amning ko‘chishiga sabab bo‘ladigan bu darmondorini 3 kun takrorlash kifoya. Yo‘taldan batamom yo‘qoladi.
Eslatma: 1 dona turpdan 3-4 marta foydalanish mumkin, yaʼni ichidagi sharbatni olgach, yana qayta asal solib, banka ustiga qo‘ysa bo‘ladi.
Sutli sabzi sharbati
Sabzi sharbati va yangi sog‘ilgan sutni aralashtirib ichilsa, tomoqdagi allergik yo‘talni daf qiladi. Bu retsept har kuni 5-6 marta tayyorlab ichiladi.
Piyoz va shakar qaynatmasi
Mayda to‘g‘ralgan 500 g piyozga 400 g shakar qo‘shib, yaxshilab aralashtiriladi va ustidan 1 litr suv quyib, past olovda 3 soat davomida qaynatiladi. Biroz sovigach, unga 50 g asal qo‘shib aralashtiring va bankaga solib, og‘zini mahkam yopib qo‘yish kerak. Bu darmondorini har kuni ovqatdan keyin 4-6 qoshiqdan qabul qilish — nafas yo‘llaridagi shamollash va yo‘tal tanamizni tark etadi.
Shirinmiya (Solodka) siropi
Shirinmiya siropi (dorixonalarda sotiladi) yo‘talni davolaydi. Buning uchun 10 g shirinmiyani idishga solib, ustidan 1 stakan qaynoq suv quyiladi va 20 daqiqa dimlab qo‘yiladi. sovigach,kuniga 3-4 mahal, 1 osh qoshiqdan qabul qilish lozim.
Sarimsoq va piyozli sut
10 dona mayda piyoz va bir bosh sarimsoqni to‘g‘rab, 1litr sutga solinadi va ezilib pishguncha qaynatiladi. So‘ng taʼbga ko‘ra asal va yalpiz sharbatini qo‘shib, kun davomida, har soatda 1osh qoshiqdan qabul qilinadi. Bu quruq yo‘taldan xalos etadi.
Aloe sharbati
Teng miqdordagi (0,5 stakandan)limon va aloe sharbatiga 1osh qoshiq asal qo‘shib, bir oz aralashtirib, ichiladi.
Maramarak (Shalfey) nam yo‘talga davo
Eng yaxshi balg‘am ko‘chiruvchi vosita sifatida marmarak damlamasini tavsiya etiladi. Chunki undan tayyorlangan damlama balg‘amni tezlikda pishirib, nafas yo‘llaridan haydab chiqaradi. Buning uchun 2 osh qoshiq quritilgan marmarak bargini idishga solib, ustidan 1 stakan qaynoq suv quyiladi. Tayyor damlamani nam yo‘tal kechasi bezovta qilganda isteʼmol qilish mumkin
Eslatib o‘tamiz, ushbu tavsiyalardan foydalanishdan oldin shifokor bilan maslahatlashishni unutmang!
Cho‘lponoy Ahmedova tayyorladi.







