Bugundan birlamchi tibbiyot muassasalarida ortiqcha qog‘ozbozlikka chek qo‘yilib, yangi tartibda ish yuritiladi
Endi shifokor va hamshiralar asosiy vaqtini hujjatlar to‘ldirishga emas, balki bemorlarni davolashga yo‘naltiradi.

Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.
Birlamchi tibbiyot muassasalari xodimlari zimmasiga yuklatilgan vazifalar haddan ziyod ko‘p. Ularning asosiy ish vaqti turli jurnal va hisobotlarni to‘ldirish bilan bog‘liq ortiqcha jarayonlarga sarflanmoqda. Oqibatda? shifokorlar qabulida uzundan uzoq navbatlar yuzaga kelib, bemorlarga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish imkoniyati cheklanyapti. Shu sababli bundan bir muddat oldin Sog‘liqni saqlash vazirligida o‘tkazilgan uchrashuvda amaliyot uchun foydali bo‘lmagan hujjat va hisobot shakllarini qisqartirish yuzasidan maxsus ishchi guruh tuzilgan edi.
O‘tgan qisqa vaqt ichida vazirlik tomonidan tuzilgan ishchi guruh bu boradagi vaziyatni chuqur o‘rganib, mavjud 26 turdagi jurnal hamda 33 turdagi hisobot shakllaridan bir qismi amaliyotda keraksiz, degan xulosaga keldi.
Masalan, aholi juda ko‘p murojaat qilgan pallalarda qabul bo‘limi hamshirasining “ambulator-poliklinika muassasasiga kelganlarni qayd etish jurnali”ni to‘ldirishi juda ko‘p vaqt yo‘qotilishiga, oqibatda odamlarning haqli eʼtirozlariga sabab bo‘layotgan edi. Qolaversa, bemorlar qabul bo‘limidan ro‘yxatdan o‘tgach, shifokor huzuriga kirish uchun yana ro‘yxatga yozilishi zarur edi.
“Tibbiyot xodimlarining jarohat holatlarini qayd qilish jurnali”ga esa noxush vaziyatlar yuz bermasa, oylab, hatto yillab ehtiyoj bo‘lmasligi mumkin. Lekin hamshira ana shu hujjat turiga har kuni “Bugun ko‘ngilsiz holatlar sodir bo‘lmadi” degan mazmundagi qaydlarni kiritib borishi shart edi.
Yana bir misol: oilaviy poliklinikaning muolaja hamshirasi har bir bemorga “ukol” qilgach, buni bir nechta blankalar, hatto maxsus jurnalga ham “falon dona shpris, falon gramm spirt, falon gramm paxta ishlatildi” degan maʼlumotlar bilan yozib borishi lozim edi. Bu esa boshqa bemorlarning uzoq kutib qolishiga sabab bo‘layotgandi.
Ana shunday noxush holatlarga chek qo‘yish maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirining tegishli buyrug‘i qabul qilindi. Unga ko‘ra, shu yil 1-fevraldan ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika, oilaviy poliklinika va oilaviy shifokor punktlarida yuritiladigan 26 turdagi tibbiy hisob jurnallaridan 14 tasi qoldirildi. Qolgan 14 tasidan 10 tasi soddalashtirildi. 33 turdagi tibbiy karta va blankalar esa 14 tagacha qisqartirildi.
SHuningdek, normativ-huquqiy hujjatlar bilan tasdiqlanmagan tibbiy hisob hujjat shakllaridan foydalanish qatʼiyan man etildi.
Endi shifokor va hamshiralar asosiy vaqtini ortiqcha qog‘ozbozlik, yaʼni, hisobotu hujjatlar to‘ldirishga emas, balki bosh vazifasi bo‘lgan bemorlarni davolashga yo‘naltiradi.







