O‘zbekiston eng jadal yuqorilagan mamlakatlar top 10 taligiga kirdi
Ayni damda bo‘layotgan Oliy Majlisi Senatining yigirma uchinchi yalpi majlisida Tanzila Norboyeva nufuzli xalqaro reytinglarda mamlakatimiz o‘rni yaxshilanganini aytdi.

Xususan, iqtisodiy erkinlik indeksida mamlakatimiz 44 pog‘ona yuqorilab, 108-o‘rinni egalladi. Huquq ustuvorligi indeksi bo‘yicha 14 pog‘ona yuqorilab 85-o‘ringa ko‘tarildi. O‘zbekiston bu borada eng yaxshi natija ko‘rsatgan 3 ta davlatdan biriga aylandi. Global innovatsion indeksda O‘zbekiston 7 pog‘onaga ko‘tarilib, 132 ta davlat orasida 86-o‘rinni egalladi va eng jadal yuqorilagan mamlakatlar top 10 taligiga kirdi.
Tanzila Norboyeva Senat qo‘mitalari faoliyatini tanqid qildi
Majlisda joylardagi ayrim senatorlar o‘zlari mansub qo‘mitalardan uzilib qolayotgani, hududlardagi muammolarni parlamentga ko‘tarib chiqishda sustkashlikka yo‘l qo‘yayotgani taʼkidlandi. Faoliyat davomida parlament nazorati institutidan samarali foydalanish, har jabhada ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash muhimligiga eʼtibor qaratish lozimligi aytildi.
Senat raisi Tanzila Norboyeva hududlardagi senatorlar xalq deputatlari mahalliy Kengashlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishi, majlisbozlikni kamaytirib, amaliy ishlarga o‘tishi zarurligini qayd etdi. Senat qo‘mitalari va senatorlar mahalliy Kengashlar deputatlari hamda doimiy komissiyalari bilan hamkorlikni kuchaytirib, joylardagi muammolarni hal etishda tashabbuskor bo‘lishi lozimligini taʼkidladi.
Oliy Majlis Senatining yigirma uchinchi yalpi majlisi davom etmoqda.







