Dunyoda to‘rtinchi odam OIV infeksiyasidan tuzaldi
Bemorga ildiz hujayra ko‘chirib o‘tkazilgan va chaqaloq kindik qoni quyilgan.

Dunyoda to‘rtinchi odam OIV infeksiyasidan butunlay tuzaldi. "The Wall Street Journal"ning xabar berishicha, Nyu-York olimlari buni ildiz hujayralarini ko‘chirib o‘tkazish va kindik qonini quyish yo‘li bilan uddaladi.
Xabar qilinishicha, bemor o‘rta yoshlardagi ayol bo‘lgan. OIV infeksiyasi aniqlanganidan 4 yil o‘tib, unda leykemiya tashhisi ham qo‘yilgan. U 2020-yildan beri antiretrovirus terapiyasini to‘xtatgan va hech qanday infeksiya alomatlari o‘zini ko‘rsatmayapti.
Ildiz hujayra ayolning yaqin qarindoshlaridan biridan kam uchraydigan mutatsiya bilan ko‘chirib o‘tkazilgan. Kindik qoni esa chaqaloqdan olingan.
2020-yilda olimlar 36 yoshli braziliyalikning OIV infeksiyasidan tuzalganini eʼlon qilgan edi. U virusdan butunlay tuzalgan uchinchi odam bo‘lgan.
Avvalroq OIV va Gepatit S tashxisi uchun mobil laboratoriya ishga tushirilgani haqida xabar berilgandi.
Sharofat Mahmudova







