Mendeshga xaridor chiqdi
“PSJ” “Sporting”dan 40 million yevro evaziga himoyachi sotib olmoqchi.

Fransiyaning “PSJ” klubi portugaliyalik himoyachi Nuno Mendeshni Portugaliyaning “Sporting” klubidan o‘z safiga qo‘shib olmoqchi. Bu haqda jurnalist Fabritsio Romano o‘zining twitter sahifasida maʼlum qildi. Ayni paytda futbolchi “PSJ” safida ijara asosida o‘ynamoqda.
Manbaga ko‘ra, 19 yoshli futbolchining ijarasi Fransiya klubiga 7 million yevroga tushgan. Portugaliyalikning “PSJ”ga o‘tishi uchun klub 40 million yevro to‘lashi kerak.
Qayd etilishicha, parijliklar allaqachon Mendesh bilan shartnoma borasida kelishib olishgan. Bu besh yil davom etadi. Shartnoma mavsum oxirida imzolanadi.
Eslatib o‘tamiz, Nuno Mendesh “Sporting” tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. Transfermarkt internet portali himoyachining narxini 40 million yevroga baholagan.
Avvalroq, Keylor Navas jarahoti sabab ikkita o‘yinni o‘tkazib yuborishi va inglizlar jamoasi Mbappeni tekinga sotib olmoqchi ekanligi haqida xabar berilgandi.
Jamshidbek Amirov







