Farzand talashayotgan yulduzlar: Ruxshona va Sanjarning yaqin tarixidagi nizolar nimadan boshlangan?
Xonanda Ruxshona va rejissyor-klipmeyker Sanjar Matkarimov 2014-yilning 2-noyabr kuni turmush qurishgandi.

Ayni kunlarda ularning oilasida ro‘y berayotgan muammolar va turli voqealar ommaga ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarda tez-tez eʼlon qilinmoqda.
O‘tgan yili sentyabr oyining boshida Sanjar Matkarimov rafiqasi Ruxshona o‘z familiyasini o‘zgartirib, telefon raqamini o‘zining nomiga rasmiylashtirib olganini bildirgandi.
Bu haqda u o‘zining Instagram‘ sahifasi orqali eʼlon qildi.

Sanjar Matkarimovning so‘zlaridan tushunish mumkinki, raqamni qayta rasmiylashtirish jarayonida uning o‘zi shaxsan ishtirok etmagan.
Oktyabr oylarida esa xonanda Ruxshona turmush o‘rtog‘i Sanjar Matkarimov bilan ajrashganini maʼlum qildi.
Ruxshonaning muxlislari undan turmush o‘rtog‘i Sanjar Matkarimov bilan ajrashgani rost yoki yolg‘on ekanligi haqida so‘rashgan. Xonanda esa buning haqiqat ekanini aytib, kelgusida yarashish niyati yo‘qligini maʼlum qilgan.

Uning aytishicha, ayni vaqtda juftlikning farzandlari onasi bilan birga. Ammo ajrimdan keyin Sanjar Matkarimov bir muddat davomida bolalarni Ruxshonaga bermagan.
Xonandaning so‘zlariga ko‘ra, turmush o‘rtog‘i unga musht tushirgan va kaltaklagan. Oilaning buzilishiga asosiy sabab rashk ekanligi maʼlum bo‘lgan. Shuningdek, Ruxshona ajrimdan keyin o‘ziga kelish uchun Yaratgandan tunu-kun kuch-quvvat so‘raganini aytib o‘tgan.
Xonanda bundan keyin Sanjar Matkarimov rejissyorlik qiladigan “Bola tilidan” ko‘rsatuvida ham boshlovchilik qilmasligini aytgandi.
Sanjar Matkarimov farzandlarini olib ketishga kelgan. Biroq bolalar otasi bilan ketishni xohlashmagan.

Navbatdagi ajrim sudidan so‘ng Ruhshona Instagram‘ sahifasiga qator “istoriya”lar qo‘ydi. Unda sobiq turmush o‘rtog‘i Sanjar Matkarimov farzandlarini olib ketishga kelgani, ammo bolalar otasi bilan ketishni xohlashmagan va ularni majburlab olib ketayotgani tasvirlangan.
Bundan tashqari, tasvirlarda Sanjar Matkarimovning onasi ham o‘sha yerda ekani va o‘z nabiralarini chaqirsa ham kelmaganini ko‘rish mumkin.
Xonanda Ruxshona ajrim sudiga farzandalrning ota bilan uchrashuv vaqtini qisqartirib berishini ham so‘ragan. Ushbu postlar ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgach, oradan bir kun o‘tib, rejissyor Sanjar Matkarimovning uchinchi marotaba oila qurishi haqida mish-mishalr tarqaldi. Bunday mish-mishlarga oydinlik kiritgan klipmeyker bolalariga xat qoldirdi:
Ruxshona bu holat bo‘yicha video davomida o‘z fikrlarini bildirgan.
“Aziz farzandlarim!
Xudo berganlarim Habiba va Shukurbek men otangiz Sanjar Matkarimov, guldek oilamizning barbod bo‘lishiga sabab bo‘lgan gunohkor o‘sha otangizman. Sizlarning baxtingiz uchun har qanday hayot zarbalariga bardosh bera olaman deb o‘ylabman, afsus, sotqinlik va xiyonatdek illat manaman degan erkakning sho‘rini so‘ndirib, g‘ururini bukib qo‘yar ekan!
Shundayam hammasini kechirib bir oila bo‘lib yashashga rozi edim. Afsus, kim uchundir oila qo‘rg‘oni sanalgan maskan, boshqa kim uchundir temir qafasga aylanib qolgan ekan. Lekin men onangizni yomon demayman. U juda yaxshi ona, afsus, oilamizning buzilishida biz ikkalamiz sizlarni oldingizda baravar aybdormiz. Biroq men boshqa, onangiz boshqa oila qurganimizda ham, sizlarni yaxshi ko‘rishdan to‘xtamaymiz. Qachonlardir shu xatimni o‘qiganingizda mendan o‘pkalamang! Aksincha, duo qiling! Bizni yaratgan buyuk zotni eslang! Uni rejalari chuqur. Bizlarga shu taqdirni ravo ko‘ribdimi, demak, atab qo‘ygan sovg‘alari bisyor.
Ota va ona farzandning ikki qanoti, qanot qoqib uchish uchun esa har ikkala qanot zarur. Shuning uchun aslo meni ham, onangizni ham yomon ko‘rmang! Chunki sizlarni biz ikkimizchalik hech kim yaxshi ko‘rolmaydi va sizlar uchun jonini tikishga tayyor insonlar faqatgina ota-onangiz bo‘ladi. Katta bo‘lib albatta, hamma haqiqatlarni bilib olasiz. Men buning g‘amini yeb qo‘ydim. Balki o‘shanda meni tushunib, kechirishga harakat qilarsiz! Alloh sizlarni panohida asrasin, ilohim solih farzandlar bo‘lib ulg‘aying!
Men va buvijoningiz mana yarim yildirki, sizlarni ko‘rish, bag‘rimizga bosish uchun kurashyapmiz va albatta, kurashishda davom etamiz, zero haqiqat yuzaga chiqishi kerak! Bilaman, ayni damda sizlar yuz berayotgan voqealardan sarosimadasizlar. Bu hodisalar yosh bola tugul kattalarni ham aqldan ozdiryapti. Ustiga-ustak oilaviy mojarolarimiz keng yoyilib, omma hukmiga qoldi. Mayli, buniyam bir hikmati bordir. Mana, ko‘rasiz, hali hammasi ortda qoladi.
Habiba, jonim qizim, oxirgi savoling haligacha ich-etimni yemiradi. Nima uchun sen chizgan suratdagidek yashay olmasligimizning sabablarini vaqti kelib, albatta, aytib beraman. Ikkalangizni baravar sog‘inib qoluvchi dadajoningiz, Sanjar Matkarimov...

Cho‘lponoy Ahmedova tayyorladi.







