Lifestyle

Qassobchilikdan qurilishgacha: Murod Nazarovning bolalik xotiralari

"Murad Buildings" asoschisi shu darajagacha yetishishida juda ko‘p qiyinchiliklarga duch kelganini so‘zlab berdi.

Qassobchilikdan qurilishgacha: Murod Nazarovning bolalik xotiralari

 

— Bolaligimiz o‘tgan eski hovlini buzib, qayta tiklaydigan bo‘ldik. Qurilish avjiga chiqqan mahal to‘satdan dadamning yuragi xuruj qilib, olamdan o‘tib qoldilar. O‘shanda 14 yoshda edim. Dadam ko‘z o‘ngimizda jon bergan. Anglamay ham qolganmiz... Dadam rahmatlining marakalari o‘tgandan so‘ng onam oldilariga chaqirib, uy qurilishi chala qolgani, qurilishni davom ettirish kerakligini aytdilar. Shundan so‘ng, ustalarga bosh bo‘lib, bozor-o‘char, ovqat tayyorlash, yordamlashish kabi ishlarni zimmamga olib, uyni bitkazganman. Oilada katta farzand bo‘lganim uchun bolalikdan mustaqil, shijoatli bola bo‘lganman. Shuning uchun ham asosiy masʼuliyat meni zimmamda bo‘lardi.

 

Yoshligimdan turli ovqatlar pishirish, shirinliklar tayyorlash va jonivorlar boqishga qiziqardim. 5 yoshimdan nonushtamni o‘zim tayyorlardim. Ovqatlanib bo‘lgach, o‘tirgan joyimni yig‘ishtirib tozalab qo‘yardim.

 

13 yoshimda esa do‘stlarim bilan qo‘lbola inkubator yasab, jo‘ja ochtirgan vaqtlarim ham bo‘lgan. Qo‘y so‘yishni ham o‘rganganman. Albatta, oddiy qassob yarim soatda qo‘y so‘ysa, men 4 soatlab so‘yardim. Qo‘yning har bir aʼzosini sinchikovlik bilan o‘rganib chiqardim.

 

Qurilishga ham qiziqishim kuchli bo‘lgan. Qo‘shnilarimiz uy qursa, albatta, hasharga chiqib yordam berardim. Dadam yurak kasalligidan vafot etganlaridan so‘ng bir muddat shifokor, yaʼni kardioxirurg bo‘laman degan maqsadni oldimga qo‘ydim. Tibbiyot kollejini bitirib tibbiyot oliygohiga hujjat topshiraman, degan joyimdan onamning maslahati bilan yo‘nalishni qurilishga burganman.

 

Hech narsa qiyin emas, oson ham emas. Har qanday qiyin yo‘lni qo‘rqmay bosib o‘tib, undan zavq topa olsangiz — bu sizning yutig‘ingiz. Qo‘ygan maqsadingizga yetishish uchun yo‘lingizda uchraydigan qiyinchiliklarni oldindan tasavvur qilib qo‘rqsangiz shu emotsiyalar bilan uni bosib o‘tasiz.

 

Shu darajaga yetib kelishimda juda ko‘p qiyinchiliklarni ko‘rganman. Ammo men ularni to‘g‘ri qabul qilib, cho‘chimay faqat oldinga intilganman. Eng asosiysi, har bir qilgan ishimdan zavq olishga harakat qilaman.

Qassobchilikdan qurilishgacha: Murod Nazarovning bolalik xotiralari | Zamon.uz