Abdulaziz Komilov: "Biz DXR va LXR mustaqilligini tan olmadik"
Senatning yigirma to‘rtinchi yalpi majlisi TIV rahbari O‘zbekistonning Ukrainadagi vaziyat yuzasidan pozitsiyasini maʼlum qildi.

Abdulaziz Komilovning Senatdagi chiqishi paytida senator Qutbiddin Burxonoving Ukrainadagi vaziyat va unda O‘zbekistonning pozitsiyasi haqida savol bilan murojaat qildi.
Komilov vaziyat O‘zbekistonda xavotir uyg‘otganini maʼlum qildi. Shu bilan birga rasmiy Toshkent vaziyatni tinch yo‘l bilan hali qilish muhimligini taʼkidladi.
“O‘zbekiston Rossiya bilan ham, Ukraina bilan ham yaxshi aloqalarga ega. Milliy manfaatlarga tayanib, har ikki davlat bilan yaxshi aloqalarni davom ettiramiz. Masalan, Rossiya bizning eng yirik savdo hamkorimiz. Ukraina bilan ham yaxshi savdo aloqalarimiz bor. Xususan, o‘tgan yili Kiyev bilan savdo aylanmasi 704 millionni tashkil etdi.Ukraina hududiy yaxlitligini tan olamiz. O‘zbekiston DXR va LXR mustaqilligini tan olmadi”, — degan u. Vazir Toshkent vaziyatni tinch yo‘l bilan hal qilish tarafdori ekanini maʼlum qilgan.
Abdulaziz Komilov Rossiyaga qarshi joriy etilgan sanksiyalar O‘zbekistonga ham taʼsir ko‘rsatganini taʼkidladi.
Shuningdek, TIV rahbari hozirda Ukrainada 300 ga yaqin O‘zbekiston fuqarolari qolayotganini va ularning tez orada evakuatsiya qilinishini qayd etdi.
Senatning yigirma to‘rtinchi yalpi majlisi davom etmoqda.







