Shifokorlar matonatining ekrandagi talqini
Telekanallarda tibbiyot xodimlari hayoti haqida hikoya qiluvchi “Ayol qalbi” badiiy filmining milliy premyerasi bo‘lib o‘tmoqda.

2022 yilning 18 mart kuni “O‘zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning mamlakatimiz sog‘liqni saqlash sohasi vakillari bilan ochiq muloqotida shifokorlar faoliyati haqida filmlar yaratish va ularni xalqimiz namoyish etish masalalariga ham alohida eʼtibor qaratdi.
Xabaringiz bor, keyingi yillarda milliy kinematografiyani rivojlantirishga qaratilgan bir qancha farmon va qarorlar qabul qilindi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan kinoijodkorlar oldida mamlakatimiz taraqqiyoti uchun xizmat qilayotgan turli soha vakillari, jumladan xalqimiz salomatligi yo‘lida fidokorona mehnat qilayotgan tibbiyot xodimlari haqida filmlar yaratish vazifasi qo‘yilgan edi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 16 dekabrda qabul qilingan “Birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari faoliyatiga mutlaqo yangi mexanizmlarni joriy qilish va sog‘liqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlar samaradorligini yana-da oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida Kinematografiya agentligiga boshqa bir qator idora va muassasalar hamkorligida sog‘liqni saqlash sohasidagi islohotlarning mazmun-mohiyatini jamoatchilikka to‘g‘ri yetkazish maqsadida tibbiyot xodimlarining kasbini ulug‘lovchi videoroliklar, ilmiy-ommabop ko‘rsatuvlar, badiiy va hujjatli filmlarni ishlab chiqish va televideniye orqali doimiy namoyish qilish vazifasi yuklatilgan.
O‘tgan vaqt mobaynida Agentlik buyurtmasiga asosan kinoijodkorlarimiz tomonidan “Urib turgin, yurak”, “Kovid-19: Sinovli kunlar”, “Inson” singari hujjatli, “Bardosh, “Sumbul” singari badiiy filmlar, shuningdek, 63 qismli “Najotkorlar” teleseriali suratga olindi.
Agentlik buyurtmasiga asosan, “Shayhontohurfilm” MCHJ tomonidan suratga olingan “Ayol qalbi” badiiy filmida ham shifokorlar hayoti, sog‘liqni saqlash tizimidagi o‘zgarishlar, sohadagi yangiliklar o‘z aksini topgan.
8 mart Xalqaro xotin-qizlar kuni arafasida Respublika Kinochilar uyida mazkur filmning taqdimoti o‘tkazilgan edi. 18-19 mart kunlari mamlakatimizdagi bir qator davlat va nodavlat telekanallarida “Ayol qalbi” badiiy filmining milliy premyerasi o‘tkazilmoqda.
Mazkur filmga shifokorlarimizning sharafli va masʼuliyatli faoliyati, burchga sadoqat, halollik va insoniylik singari g‘oyalar asos qilib olingan. Film ssenariysi Jamila Po‘latova va Zulfiya Qurolboy qizi qalamiga mansub. Filmni taniqli kinorejisser Jahongir Qosimov badiiy rahbarligi ostida Jamila Po‘latova suratga olgan.
Filmda bosh rollarni Raʼno Yarasheva, Raʼno Shodiyeva, Dildora Umarova, Ulug‘bek Yunusov, Gulchehra Jamilova, Ulug‘bek Rustamov, Zuhra Ashurova va boshqalar ijro etishgan.







