Traore Kataloniyadan ketadimi?
“Tottenhem” Adama Traoreni sotib olish borasida muzokaralar olib bormoqda.

“Tottenhem” klubi ayni damda “Barselona”da ijara asosida o‘ynayotgan “Vulverxempton” hujumchisi Adama Traoreni qo‘lga kiritish uchun kurashga qo‘shilishi mumkin. Bu haqda Football.London nashri xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, “Barselona” “Lids” hujumchisi Rafinya bilan muzokaralarni boshlaganidan keyin “Tottenhem” Adama Traorega taklif bilan chiqadi.
Biroq, ispaniyalik futbolchining “Kamp Nou”dagi debyuti yorqin boshlanganiga qaramay, Xavi Traoreni asosiy o‘yinlarda maydonga tushirmayapti. Malumotlarga ko‘ra, fransiyalik Usmon Dembelening so‘nggi paytlardagi ajoyib formasi klub rahbariyatini vingerga yangi shartnoma taklifga undagan.
Natijada, Traorening klubdagi kelajagi noaniqligicha qolmoqda. Chunki kataloniyaliklar uni sotib olish imkoniyatidan foydalanishni istamayapti.
Avvalroq, “Yuventus” futbolchisiga inglizlar qiziqayotgani haqida xabar berilgandi.
Jamshidbek Amirov







