Prezident Islom sivilizatsiyasi markaziga bordi
Uning tamal toshi 4 yil avval, aynan Ramazonda qo‘yilgan edi.

2018 yil 15 iyun, Ramazon hayiti kuni Prezident Islom sivilizatsiyasi markazi poydevoriga tamal toshi qo‘ygan edi. Bugungi muborak Ramazon kunlarida davlatimiz rahbari ushbu majmuaga yana tashrif buyurdi.
Bu markaz ham mahobati, ham mohiyati jihatidan ulkan loyiha. Uning qurilishi qariyb to‘rt yildirki davom etmoqda. Majmua uch qavatli bo‘lib, qadimiy obidalarimiz shaklida barpo etilgan. Bino markazida ulkan gumbaz, to‘rt tomonida simmetrik peshtoqlar qurilgan. Bugungi kunda pardozlash ishlari olib borilmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev shu ishlarni ko‘zdan kechirdi. Binoni pardozlashda qadimiy madrasalarimizdagi belgilar va issiq ranglardan foydalanilmoqda.
Davlat rahbari majmuani chiroyli va sifatli qilib qurish bilan birga mazmuniga alohida eʼtibor qaratish zarurligini taʼkidladi.
- Bugun, muborak Ramazon oyida, juma kunida bu yerga kelishimiz bejiz emas. Bunday ulug‘ ayyom kunlarida qilingan niyatlar amalga oshadi. Oxirgi yillarda og‘ir-og‘ir sinovlardan o‘tdik. Lekin bu yerda ish to‘xtagani yo‘q. Nima uchun buni qurayapmiz? Xalqimizning dunyoqarashini, g‘ururini ko‘tarish, qanday buyuk el ekanimizni ashyoviy dalillar bilan namoyon etish uchun, - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Islom sivilizatsiyasi markazi xalqimizning maʼnaviy qudratini ko‘rsatishi qayd etildi.
- O‘tgan yili Qashqadaryoda “O‘zbekiston GTL” zavodini ochib, butun dunyoga mamlakatimizning iqtisodiy qudratini ko‘rsatdik. Bu markaz xalqimizning maʼnaviy va maʼrifiy qudrati timsoli bo‘lib qoladi, - deya taʼkidladi Prezident.
Davlatimiz rahbari devorlardagi ravoqlarning bezak va yozuvlari namunalari bilan tanishdi. Darvozalar tepasiga tinchlik, ilm, odobga chorlovchi oyatlardan yozish maqsadga muvofiqligini aytdi.
Islom sivilizatsiyasi markazining tarkibiy qismlari to‘g‘risida maʼlumot berildi. Birinchi qavatda muzey ombori, qadimiy qo‘lyozma va osori-atiqalarni saqlash hamda restavratsiya qilish xonalari, nashriyot va kitob do‘konlari joylashadi.
Ikkinchi qavat majmuaning asosiy ko‘rgazma maydoni bo‘ladi. Bu yerdagi Islom tarixi muzeyi 9 ta bo‘limdan tashkil topadi. Binoning markazida, 65 metr balandlikdagi gumbaz ostida Islom olamining durdonasi hisoblangan Usmon musʼhafi qo‘yiladi. Bu zal atrofida yana 8 ta – “Islomdan avvalgi davrda Markaziy Osiyo”, “Islomning Markaziy Osiyoga yoyilishi”, “Taʼlim”, “Ilm-fan”, “Meʼmorchilik va shaharsozlik”, “Sanʼat va badiiy hunarmandchilik”, “Anʼanalar” hamda “Uchinchi Renessans – Yangi O‘zbekiston” bo‘limlari joylashadi.
Shuningdek, bu qavatda 550 kishiga mo‘ljallangan konferensiya zali bo‘ladi.
Prezident “Ilm-fan” bo‘limini ko‘zdan kechirdi. Alloma bobolariiz merosini keng va taʼsirchan targ‘ib etish bo‘yicha tavsiyalar berdi.
Davlat rahbari uchinchi qavatga chiqib, kutubxona, Islom akademiyasi ilmiy kafedralari va maʼmuriy xonalar namunalarini ham ko‘rdi.







