Mbappe — “PSJ”. “Nozik” muzokara
Futbolchi Parijda qolishi mumkin.

Fransiyaning 23 yoshli yulduzi, “PSJ” hujumchisi Kilian Mbappe klubdagi shartnomasi tugashiga bir necha oy qolganida hali o‘z kelajagi borasida bir qarorga kelmagan. Biroq hozirda hujumchi parijliklarning taklifini ko‘rib chiqmoqda.
Manbaga ko‘ra, “PSJ” Kilianga yillik maoshi taxminan 50 million yevro bilan jamoadagi eng ko‘p maosh oluvchi futbolchiga aylantirishni taklif qilgan. Fransuz klubi futbolchiga shartnoma imzolagani uchun katta miqdorda bonus berishga ham tayyor. Bu borada muzokaralar olib borilmoqda.
Ushbu mavsumda UEFA Chempionlar ligasining 1/8 finalida “PSJ” “Real”dan 2:3 hisobida mag‘lub bo‘lganidan so‘ng, “Qirollik klubi” futbolchini o‘z safiga qo‘shib olish uchun favorit deb hisoblangan edi. Biroq, futbolchi so‘ragan so‘mmaga “Real” rahbariyati rad javobini bergan. Shu tariqa madridliklar bilan muzokaralar to‘xtab qolgan.
Maʼlumot uchun, Mbappe joriy mavsumda barcha turnirlar doirasida 41 ta o‘yinda maydonga tushib, 33 ta gol urdi va 22 ta golli uzatmani amalga oshirdi.
Avvalroq, Mbappening taklifi rad etilgani haqida xabar berilgandi.
Jamshidbek Amirov







