To‘yida o‘yin o‘ynagan “yosh bolalar” yoxud kelinga yutqazgan kuyov uni tahqirladi
Ijtimoiy tarmoqda kuyov to‘y kuni kelinni urgani aks etgan video keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda to‘y kuni sahnada kelin-kuyov o‘yin o‘ynab, musobaqalashgani, natijada yigit yutqazib, alamidan qizni urgani tasvirlangan video tarqaldi. Bu keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Kimdir kuyovning “mard”ligini maqtagan bo‘lsa, yana kimlardir kelinning omma oldida tahqirlanganini salbiy baholadi. Bloger Aqida Xonim Feysbukdagi sahifasida yozishicha, kuyov asli surxondaryolik bo‘lib, Sergelidagi mashina bozorida aravakash bo‘lib ishlaydi. Tabiatan sipo, kamgap yigit to‘yini o‘tkazish uchun Surxondaryoga borgan.
Mag‘lubiyatni ko‘tara olmagan kuyov
Bugun erta turmush, uning salbiy oqibatlari haqida qanchalar bong urmaylik, oramizda bunga ko‘z yumayotganlar ham, afsuski, topiladi. Ko‘p guvoh bo‘lamiz: unashtirilgan yigit va qizning o‘y-xayollari, o‘zaro munosabatlaridan tortib, to‘y kunidagi tort yedirish marosimiyu, bir-biriga tuhfa etayotgan sovg‘alari va o‘zlarini tutishi go‘yo yosh bolalardek. Shu bois ham jamiyatimizda ilmsiz onalar, mas’uliyatsiz otalar hamon uchramoqda. Bu kabi taqdirlarning qanday yakun topishi barchaga ayon.
Ne-ne orzu-umidlar bilan oq libos kiyib, malikalardek bo‘lajak turmush o‘rtog‘i bilan baxt kunini nishonlayotgan kelinchak omma oldida tahqirlansa, buni qanday izohlash mumkin? Kelinchakni endi odamlar “to‘yida kaltak yegan kelin” deya eslashadimi? Achinarlisi, yon-atrofda hamma qo‘l qovushtirib, tomoshabin bo‘lganidir. Qizig‘i, mazkur holat yuzasidan hech qanday munosabat bildirilmadi. Aslida, baxt ostonasida turgan qizning to‘yi kuni bo‘lajak turmush o‘rtog‘i tomonidan kaltaklanishi jamiyat uchun og‘riqli. Birgina tarsaki uning ruhiyatiga qanchalar zarba bo‘lganini tasavvur etish qiyin. Ayollar ulug‘langan, “gender tengligi” deya bong urilayotgan davrda kelinni himoya qilishga, kuyovning tanobini tortib qo‘yishga bir mard topilmasa?! Qog‘ozda qolayotgan qonunlar, poymol bo‘lgan tuyg‘ularning badalini endi kim to‘laydi?!
O‘zi to‘y kuni ikki yoshning omma oldida qandaydir o‘yin o‘ynashi qayerdan paydo bo‘ldi? Gʻarbdan kirib kelgan mentalitetning og‘ir oqibati shu emasmi, aslida? Kelinga yutqazgan kuyov uni urib, nimani isbotlamoqchi bo‘ldi? Kuyov bu bilan mahalla-ko‘y, oshna-og‘aynilari oldida “ko‘rib qo‘yinglar, men xotinimdan ustunman” degandek qildimi? Yoki boshqa maqsadi bo‘lganmi? Ming afsuski, u “chuchvarani xom sanagan”. Oilani musht, achchiq-tirsiq, o‘zimnikini o‘tkazaman, qabilida emas, vazminlik, hilmlilik va ma’rifat ila boshqarish kerak.
“Qizga romantik bolalar yoqarkan”
Maqola yozish asnosida hamkasbim shunga o‘xshash bir voqeani so‘zlab berdi.
“Tog‘am katta farzandini unashtirdi. Bo‘lajak kelin tarbiyali, diniy bilimga ham ega ekan, deb xo‘p quvonishdi. Biz ham sulolamizga tarbiyali kelin kelayotganidan xursand bo‘ldik. Ammo oradan hech qancha vaqt o‘tmay, ularning fotihasi buzilganini eshitdik. Bir kun ishdan qaytayotsam, kelinoyim (tog‘amning xotini) mahzun bo‘lib telefon qilib qoldi. To‘yni nima uchun bo‘lmasligini so‘raganimda qizga romantik bolalar yoqishini, jiyanimiz har kuni kechqurun qizga guldastalar olib bormayotgani va uchrashuvga taklif qilmayotganini bahona qilib, qiz to‘yni qaytaribdi.
Juda taajjublandim. Unashtirilgan bo‘lgani bilan hali nikohi o‘qilmagan yigit va qiz bir-biriga nomahramku! Qanday qilib, ular tunda uchrashishi mumkin? Aslida, mana shu bizga arzimagandek tuyilgan to‘ydan avvalgi “romantik kechalar” ham seriallardan hayotga ko‘chdi. Qizlarga kinolardagidek romantik bolalar, yigitlarga esa otasi boy qizlar yoqadigan bo‘lib qoldi. Mard yigitlar, oilaparvar qizlar kamayib ketayotgandek, nazarimda”, — deydi u.
O‘zbekona to‘ylarimizni bezagan sharmu hayo, milliy qadriyatlar tobora yo‘qolib borayotgan bir paytda to‘ylarda oshkora urfga kirgan “love story”, “tort yedirish”, “vals tushish” kabi marosimlarning o‘tkazilishini aksariyat odamlar orziqib kutishmoqda. Nikoh bazmida o‘yin o‘ynagan “bolalar”ning ham harakatlari aslida ommaviy madaniyatning ana shunday quyqalaridir. Ulg‘aysa-da, qo‘lidan “qo‘g‘irchog‘i”-yu “mashinasi”ni qo‘ymaydigan yoshlar beshik tebratib, har tomonlama sog‘lom kelajak avlodni kamolotga yetkazishi shubhali.







