21-iyul kuni Markaziy Osiyo davlatlari prezidentlari Qirg‘izistonda yig‘iladi
Davlat rahbarlarining maslahat uchrashuvi Issiqko‘l bo‘yida, Cho‘lponota shahrida bo‘lib o‘tadi.

21-iyul kuni Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining oxirgi besh yil ichidagi to‘rtinchi maslahat uchrashuvi bo‘lib o‘tadi. Bu haqda “O‘zA” axborot agentligi xabar bermoqda.
Qirg‘iz Respublikasi rahbari Sadir Japarov va O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bo‘lajak yig‘ilishga tayyorgarlik masalasi va kun tartibini allaqachon muhokama qilgan.
Qayd etilishicha, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining hammasi tadbirda ishtirok etish taklifini qabul qilgan.
Rasman Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvi deb nomlangan mazkur sammit mintaqadagi Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston Prezidentlarining har yili o‘tkaziladigan uchrashuvi hisoblanadi.
Shavkat Mirziyoyev 2017-yil sentyabr oyida Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tgan BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida maslahat uchrashuvlari o‘tkazish tashabbusi bilan chiqqan.
Qoidaga ko‘ra, sammit navbatma-navbat shu besh davlatdan birida o‘tkaziladi. Birinchi sammit 2018-yil bahorda Qozog‘iston poytaxtida, ikkinchisi 2019-yil kuzida Toshkentda tashkil etilgan. 2020-yil Bishkekda bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan, biroq koronavirus pandemiyasi tufayli bekor qilingan uchinchi anjumanga 2021-yil avgust oyida Turkmanistonning Avaza shahri mezbonlik qildi. Dastlabki rejaga ko‘ra, to‘rtinchi, ya’ni navbatdagi uchrashuv, asli, Dushanbeda bo‘lib o‘tishi kerak edi.








