Qozog‘iston va Qirg‘iziston Prezidentlari ham Shavkat Mirziyoyevni tug‘ilgan kuni bilan tabrikladi
Ular davlat rahbariga mustahkam sog‘lik, baxt-saodat va katta zafarlar tilashgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev bilan telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi.
Suhbat avvalida Qozog‘iston yetakchisi O‘zbekiston rahbarini tavallud kuni bilan chin dildan tabriklab, unga mustahkam sog‘lik, baxt-saodat va katta zafarlar tiladi.
O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash, ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Savdo va logistika, sanoat va agrosanoat sohalarida kooperasiya loyihalarini jadallashtirish muhimligi qayd etildi. O‘zbekiston va Qozog‘iston hukumatlari darajasida yaqindan aloqalarni davom ettirishga kelishib olindi.
Mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi. Shu hafta Qirg‘izistonda o‘tgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining navbatdagi Maslahat uchrashuvining samarali natijalari yuksak baholandi.
Mintaqada yirik infratuzilmaviy loyihalarni tez fursatda tayyorlash va amalga oshirishni boshlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, bugun Shavkat Mirziyoyev Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov bilan telefon orqali muloqot qildi.
Suhbat avvalida Qirg‘iziston Prezidenti davlat rahbarini tug‘ilgan kuni bilan samimiy muborakbod etib, birodar O‘zbekiston xalqiga tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tiladi.
Bo‘lajak oliy darajadagi uchrashuvlarning kun tartibini tayyorlash masalalari muhokama qilindi. Ikki mamlakat hukumatlari savdo shartnomalari va sanoat kooperasiyasi bitimlarining yangi to‘plamini, shuningdek, O‘zbekiston-Qirg‘iziston strategik sherikligining ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha boshqa ikki tomonlama hujjatlarni tayyorlashi muhimligi qayd etildi.
Energetika va transport sohalaridagi yirik mintaqaviy loyihalarni ilgari surishga alohida e’tibor qaratildi.
O‘zbekiston yetakchisi Qirg‘iziston Prezidentini joriy yil 20-21 iyul kunlari Cho‘lponota shahrida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining navbatdagi Maslahat uchrashuvi muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan yana bir bor tabrikladi.








