Samarqandda Muhammad alayhissalomning siyratlari va islom sivilizatsiyasi muzeyi tashkil etiladi
Prezident mazkur majmua loyihasi bo‘yicha AKT va Qurilish vazirligiga topshiriq berdi.

Prezident ayni daqiqalarda amaliy tashrif bilan Samarqand viloyatida bo‘lib turibdi.
Davlatimiz rahbari bugun, 24 avgust kuni Imom Buxoriy maqbarasini ziyorat qildi. Qurʼon oyatlari tilovat etilib, duo o‘qildi.
Bu ziyoratgoh buyuk muhaddis bobomizning musulmon olamidagi yuksak hurmatiga munosib tarzda qayta qurilmoqda. Maqbara, ulkan masjid, minoralar, ayvonlar barpo etilmoqda.
Prezident ushbu bunyodkorlik ishlarini ko‘zdan kechirdi.
«Bu loyihani ko‘p muhokama qildik, qayta-qayta kelib ko‘rdik. Endi qurilishda ham shoshmaslik kerak. Ham ziyorat, ham ibodat nuqtai nazaridan bu yerda hamma sharoit bo‘lishi zarur», — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Davlatimiz rahbari majmua yonida Imom Buxoriy hayotini ko‘rsatuvchi elektron muzey tashkil etish taklifini bildirdi.
«Yaqinda Madina shahrida bo‘lganimizda payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomning siyratlari va islom sivilizatsiyasi muzeyini ko‘rdik. Bu yerda ham shunga o‘xshash muzey tashkil etsak, yaxshi bo‘lar edi. Unda Imom Buxoriy bobomizning hayoti, ilm yo‘li, o‘sha davr tarixi axborot texnologiyalari orqali ko‘rsatiladi. Bular yoshlar, chet ellik sayyohlarning yaqqol tasavvurida qoladi. Muzey xalqimizga yana bir maʼnaviy xazina bo‘ladi», — dedi davlatimiz rahbari.
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Qurilish vazirligiga bu borada loyiha tayyorlash topshirildi.
Shavkat Mirziyoyev Hazrati Hizr majmuasiga borib, Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov maqbarasini ham ziyorat qildi.







