O‘zbekiston Pokistonga insonparvarlik yordami jo‘natdi
Mamlakatning dunyo hamjamiyatiga yordam so‘rab murojaat qilgani aytilmoqda.

Aholisi misli ko‘rilmagan musson yomg‘irlari oqibatida suv toshqinlaridan aziyat chekkan Pokistonga qardoshlarcha yordam ko‘rsatish maqsadida bugun insonparvarlik yuki jo‘natildi.
Mamlakatga harbiy havo transporti orqali qariyb 40 tonna yuk yetkaziladi.
Insonparvarlik yuki tarkibiga oziq-ovqat mahsulotlari, shu jumladan o‘simlik yog‘i, un, guruch, go‘sht konservalari, qandolat va makaron mahsulotlari, shuningdek to‘qimachilik mahsulotlari va boshqa tovarlar kiritilgan.
Eslatib o‘tamiz, so‘nggi bir necha hafta ichida Pokistonda misli ko‘rilmagan musson yomg‘irlari va suv toshqinlari 30 milliondan ortiq kishining kundalik hayotini izdan chiqargan.
Ommaviy axborot vositalari xabarlariga ko‘ra, Pokiston dunyo hamjamiyatiga yordam so‘rab murojaat qilgan. Kuchli yomg‘ir va keng ko‘lamli toshqinlar natijasida 1000 dan ortiq odam vafot etgan.







