Bezgakka qarshi yangi vaksina 77 foiz samara beradi
Bu haqda SSV maʼlum qildi.

Oksford universiteti olimlari bezgakka qarshi yangi vaksina yaratishdi. Yangi preparatga “Oxford R21/Matrix-M” deb nom berildi.
Qayd etilishicha, u bezgakning oldini olishda 77 foiz samara beradi va buster dozasi kasallik yuqishidan ikki yil davomida himoyalaydi.
Mutaxassislar yangi vaksina mazkur xavfli kasallikka qarshi kurashda juda katta natija berishiga umid qilishmoqda.
Maʼlumot o‘rnida, o‘tgan yili Buyuk Britaniyaning dunyoga mashhur “GSK” farmatsevtika kompaniyasida bezgakka qarshi ilk vaksina yaratilib, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan keng qo‘llash uchun tavsiya etilgan edi. Biroq tadqiqotlar mazkur emlash vositasining samaradorligi taxminan 60 foizga teng ekani va vaqt o‘tishi bilan uning taʼsir kuchi sezilarli darajada kamayishini ko‘rsatgach, olimlar yangi vaksina yaratishga kirishishdi.







