Prezident: Afg‘oniston SHHT makonining ajralmas qismi
Shavkat Mirziyoyev SHHTga bag‘ishlangan maqolasida Afg‘oniston masalasiga alohida to‘xtaldi.

Prezident SHHT doirasida shakllangan ijobiy va muvaffaqiyatli tajribadan Afg‘onistonni rivojlantirish masalasida ham foydalanish muhimligini qayd etgan. Davlat rahbari Afg‘onistonni “SHHT makonining ajralmas qismi” deb atagan.
“Bugun afg‘on xalqi qo‘shni va xayrixoh davlatlar ko‘magiga har qachongidan ham muhtoj. Afg‘onistonga birgalikda yordam qo‘lini cho‘zishimiz, mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga, mintaqaviy va global taraqqiyot jarayonlariga integratsiyalashuviga ko‘maklashishimiz va shu orqali ushbu davlatning ko‘p yillik inqirozdan chiqishi uchun qulay sharoit yaratib berish bizning maʼnaviy burchimizdir”, – deyiladi maqolada.
Bundan tashqari, Afg‘onistonning Markaziy va Janubiy Osiyoni bog‘lovchi ko‘prik vazifasini bajarishdek yangi tinchlik missiyasida o‘zini ko‘rsatishi zarurligi taʼkidlangan.
“Bunday o‘zaro manfaatli mintaqalararo hamkorlikning namunaviy ramzi sifatida Transafg‘on koridorining qurilishi loyihasini aytish mumkin. Shuni ham anglash muhimki, “Termiz – Mozori Sharif – Kobul – Peshovar” temir yo‘li kabi qo‘shma infratuzilma loyihalarini birgalikda amalga oshirish orqali, biz ijtimoiy-iqtisodiy va transport-kommunikatsiya vazifalarini hal etibgina qolmasdan, mintaqaviy xavfsizlikni taʼminlashga ham salmoqli hissa qo‘shishimiz mumkin”, – deb qayd etgan Prezident.
Shavkat Mirziyoyev afg‘on masalasida o‘zaro pozitsiyalarni yaqinlashtirishga ishonch bildirgan. Uning fikricha, shundagina tom maʼnoda barqaror va izchil rivojlanayotgan, yaxlit xavfsizlikka ega bo‘lgan SHHT makonini barpo etish mumkin.







