Transport vaziri uyg‘onadigan vaqt keldi—Prezident
Shavkat Mirziyoyev vazirlikka bir qator vazifalar yukladi.

Bugun, 19-sentabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida O‘zbekistonning ichki va tashqi turizm salohiyatini yanada oshirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilmoqda.
Unda davlat rahbari transport vazirligiga quyidagi vazifalarni topshirdi:
—barcha davlatlarning aviatsiyaga mas’ul idoralariga Samarqand aeroportida xorijiy aviakompaniyalar reyslari va yo‘nalishlariga bo‘lgan barcha cheklovlar olib tashlanganini yetkazish;
—xorijiy aviakompaniyalar bilan kelishuvga erishib, Samarqandga Yevropa, Osiyo, Amerika, Arab davlatlari hamda qo‘shni mamlakatlardan kuniga kamida 10 ta xalqaro reyslarni yo‘lga qo‘yish;
—vodiy, Nukus, Urganch va Termizdan har kuni kamida 1 ta aviaqatnovni yo‘lga qo‘yish.
Vazirlar Mahkamasiga bir oy muddatda Samarqandda bir yillik xalqaro uchrashuvlar va anjumanlarni o‘tkazish dasturini tasdiqlash topshirig‘i berildi.
Besh kun muddatda Samarqanddagi yangi majmualarni ishlatish, buning uchun qo‘shimcha imtiyoz va yengilliklar berish bo‘yicha alohida qaror loyihasini ishlab chiqish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.








