Shavkat Mirziyoyev Rossiya Prezidentiga ta’ziya yo‘lladi
Avvalroq Rossiyadagi maktabda otishma sodir bo‘lgandi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Rossiyaning Ijevsk shahridagi maktabda sodir bo‘lgan otishma oqibatida insonlar qurbon bo‘lgani munosabati bilan Prezident Vladimir Putinga ta’ziya yo‘lladi. Bu haqda Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi.
Davlat rahbari halok bo‘lganlarning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik izhor etib, jarohatlanganlar tez fursatda shifo topishini tilagan.
Eslatib o‘tamiz, bugun ertalab Udmurtiya poytaxti Ijevsk shahrining Pushkinskaya ko‘chasidagi 88-maktabda otishma yuz bergandi. Qora kiyimda erkak maktabga dars vaqtida bostirib kirib, ikki qo‘riqchini otib o‘ldirgan, keyin esa bolalar va o‘qituvchilarga qarata o‘q uzgan.
Hodisa oqibatda 13 nafar odam, shu jumladan, 7 nafar voyaga yetmagan bola halok bo‘lgan. Bundan tashqari 14 nafar bola yaralangan.








