Mirziyoyev Ostona sammitida qanday takliflarni ilgari surdi?
O‘zbekiston prezidenti o‘z so‘zida Afg‘oniston, yoshlar, iqtisodiyot kabi masalalarga eʼtibor qaratdi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ostona shahrida bo‘lib o‘tayotgan Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash (OHICHK) VI sammitida nutq so‘zladi.
Davlat rahbari o‘tgan davr davomida ushbu tuzilma xavfsizlikni taʼminlash, Osiyoda o‘zaro ishonch va barqaror taraqqiyotni mustahkamlash masalalari bo‘yicha keng va ochiq muloqot uchun muhim maydon sifatida o‘zining g‘oyatda zarur ekanligini ko‘rsatganini taʼkidladi. O‘zbekiston forumni transformatsiya qilish masalasi bo‘yicha qo‘shma faoliyatda ishtirok etishga tayyorligini bildirdi.
"Bugun biz xalqaro munosabatlarda noaniqlik tobora o‘sib, muloqot va ishonchning misli ko‘rilmagan darajada taqchil bo‘lib borayotganiga guvoh bo‘lmoqdamiz. Bularning barchasi ko‘p tomonlama hamkorlik asoslariga putur yetkazmoqda, mojarolarning avj olishiga sabab bo‘lib, global iqtisodiyotda tizimli uzilishlarga olib kelmoqda. Yuzaga kelgan yangi geosiyosiy voqelik butun Osiyo qitʼasi barqarorligiga salbiy taʼsir ko‘rsatmoqda. Inqirozli holatlar Markaziy Osiyo davlatlariga ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri daxl qilmoqda, iqtisodiy integratsiyani chuqurlashtirish bo‘yicha bizning saʼy-harakatlarimizni sekinlashtirmoqda", — dedi Mirziyoyev.
Ushbu omillarning umumiy xavfsizlik manfaatlari, taraqqiyot va farovonligimizga taʼsiridan kelib chiqib, prezident quyidagi ustuvor yo‘nalishlarga diqqat qaratishga chaqirdi.
Afg‘oniston muvaqqat hukumati bilan o‘zaro hamkorlik bo‘yicha umumiy va muvofiqlashtirilgan yondashuvlarni ishlab chiqish zarur.
Mirziyoyevning so‘zlariga ko‘ra, afg‘on muammosi yuzasidan keng konsensusga erishish va global darajada amaliy chora-tadbirlarni qabul qilish maqsadida Afg‘oniston hukumati bilan tomonlar majburiyatlarini bosqichma-bosqich bajarish algoritmini tayyorlash va kelishish lozim.
"Buning uchun yuqori darajadagi xalqaro muzokara olib boruvchi guruhni shakllantirish haqidagi tashabbus ifoda etilgan Osiyo mamlakatlarining Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasiga qo‘shma murojaati imkoniyatlarini ko‘rib chiqishni taklif etamiz" — dedi Mirziyoyev.
Prezident mamlakatlar radikal g‘oyalarning keng xurujiga yana-da ko‘proq to‘qnash kelayotganiga eʼtibor qaratdi. Buzg‘unchi kuchlar targ‘ibot va mafkuraviy taʼsirning yangi uslublaridan foydalangan holda ekstremistik tashkilotlarga yoshlarni faol jalb etmoqda.
"Shu munosabat bilan yosh avlodni radikalizmdan asrash, ularning kuch-g‘ayrat va shijoatini bunyodkorlik sari yo‘naltirish uchun tizimli hamkorlikni o‘rnatishimiz kerak", — dedi O‘zbekiston rahbari.
Mirziyoyev yoshlarning eng dolzarb muammolariga birgalikda yechim izlashga ko‘maklashuvchi yangi formatni – Avlodlar muloqotini yo‘lga qo‘yishni taklifini bildirdi. Mamlakat Yosh yetakchilar Forumi doirasida bunday ilk uchrashuvni 2023 yil aprel oyida Samarqandda o‘tkazishga tayyor.
Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqida iqtisodiyotlarni global inqirozning o‘sib borayotgan salbiy oqibatlariga moslashtirish zarurligini ko‘rsatib o‘tdi.
Bu o‘rinda:
- proteksionizmning kuchayishiga, global bozorlarni beqaror qiladigan omillarni, jumladan yangi cheklovlarning joriy etilishiga yo‘l qo‘ymaslik;
- Osiyo qitʼasida o‘zaro bog‘liqlikni, birinchi galda, ishlab chiqarish-logistika zanjirini, Markaziy Osiyoni Janubiy va Sharqiy Osiyo, shuningdek, Yaqin Sharq bilan samarali bog‘lovchi transport yo‘laklarini yaratish hisobiga kuchaytirish muhimligi taʼkidlandi.
Mirziyoyev Innovatsiyalar transferi salohiyatini yana-da to‘liqroq ishga solish, raqamlashtirishni faol rag‘batlantirish, yuqori texnologiyalar, sunʼiy intellekt, Internet tizimlarini rivojlantirish maqsadga muvofiq, deb hisoblaydi.
"Bu yo‘nalishlarda Osiyo mamlakatlari global yetakchilikka birgalikda erishish uchun barcha imkoniyatlarga egadir", — dedi davlat rahbari.







