Quvayt Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengashning aʼzosiga aylandi
Bu haqda Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev Ostona bo‘lib o‘tadigan kengashning VI sammitida maʼlum qildi.

Qozog‘iston rahbari sammitni ochar ekan, Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash oltinchi sammitining barcha ishtirokchilariga minnatdorlik bildirdi.
To'qayev bu yil mazkur kengashni chaqirish tashabbusiga 30 yil to‘lishini taʼkidladi. Bu davr mobaynida sammit ko‘p tomonlama hamkorlik platformasi va zamonaviy diplomatiyaning xalqaro institutiga aylandi.
«1999 yilda kengashga 15 davlat aʼzo bo‘lgan bo‘lsa, hozir ularning soni 27 taga yetdi. Bu, aslida, Osiyo davlatlari, butun jahon hamjamiyati oldida forum nufuzi oshganidan dalolat beradi. Kuvayt ham kengash aʼzosi sifatida bizga qo‘shilganidan juda mamnunmiz», — deydi Qozog‘iston rahbari.
Eslatib o‘tamiz, Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengashi 1992 yilda Qozog‘iston tashabbusi bilan tashkil etilgan davlatlararo forum bo‘lib, uning faoliyati muloqot uchun sharoit yaratish, qarorlar qabul qilish va Osiyoda xavfsizlikni taʼminlash sohasida chora-tadbirlarni amalga oshirishga qaratilgan.
O‘zbekiston, Ozarbayjon, Afg‘oniston, Bahrayn, Bangladesh, Vyetnam, Misr, Isroil, Hindiston, Iordaniya, Iroq, Eron, Qozog‘iston, Qatar, Kambodja, Xitoy, Janubiy Koreya, Qirg‘iziston, Mo‘g‘uliston, BAA, Pokiston, Falastin, Rossiya, Tojikiston, Tailand, Turkiya, Shri-Lanka Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengashining doimiy aʼzolari hisoblanadi.
Kengashda kuzatuvchi maqomidagi mamlakatlar: Belarus, Indoneziya, Malayziya, AQSH, Ukraina, Filippin, Yaponiya, Laos va Turkmaniston.







