Shavkat Mirziyoyev “Og‘uzxon” saroyida
Davlatimiz rahbari Turkmanistonda tantanali kutib olindi.

Prezident matbuot xizmatining xabar berishicha, Turkmaniston Prezidentining qarorgohi – “Og‘uzxon” saroy majmuasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentini rasmiy kutib olish marosimi bo‘ldi.
Oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortdi. Ikki mamlakatning davlat madhiyalari yangradi.
Shavkat Mirziyoyev va Serdar Berdimuhamedov birgalikda suratga tushdi.
Marosimda rasmiy delegatsiyalar aʼzolari ishtirok etdi.
Ayni daqiqalarda davlat rahbarlari tor doirada muzokara o‘tkazmoqda.
Eslatib o‘tamiz, bo‘lajak oliy darajadagi muzokaralar chog‘ida strategik sheriklik munosabatlarini yana-da mustahkamlash va ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqiladi. Sammit yakunida ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha o‘ndan ziyod hujjat imzolanishi rejalashtirilgan.
Ashxobod shahrida “Toshkent” bog‘ining ochilishi, «Xorazm - Toshovuz» chegaraoldi savdo markazi qurilishining boshlanishi ham tashrifning muhim voqealari bo‘ladi.







