Ta’limdan “uzoqlashayotgan” o‘qituvchilar
Qachongacha ustoz-murabbiylarga tekin xizmatkor sifatida qaraladi?

Ba’zida o‘qituvchilarning o‘z vazifalaridan tashqari ishlarga jalb qilinishi holatlari uchrab turadi. Dam olish kunimi, bayram kunimi, farqi yo‘q — “yuqoridan” buyruq kelgani bahona qilinib, ko‘chalarni tozalashga, daraxtlarni oqlashga va shu kabi boshqa ishlarga “yollanadi”.
Yaqinda shu kabi holat, ya’ni o‘qituvchilarning mahallalarda yurib, maktab yoshidagi bolalar haqida ma’lumotlar yig‘ayotgani haqida xabarlar tarqalib, keng muhokamalarga sabab bo‘ldi.
XTV bunga izoh berib, vazirlik tomonidan hududiy xalq ta’limi bo‘linmalari va ta’lim muassasalarga hech qanday alohida topshiriqlar berilmaganligini ma’lum qildi va bir qancha qarorlarni ilova qilish bilan kifoyalandi.
“Joylardagi ayrim rahbarlarning “tashabbusi” bilan mikrohudud bo‘yicha ma’lumotlarni yig‘ish jarayoniga pedagog-xodimlarni jalb qilish va ularni faoliyatiga aloqador bo‘lmagan ishlarga jalb qilish esa mutlaqo taqiqlanganligini eslatib o‘tamiz”, — deyiladi xabarda.
Bunday buyruq vazirlik va uning quyi tizimlari tomonidan berilmagan bo‘lsa, kimdan chiqqan bu tashabbus? Nega maktab direktorlari, xalq ta’limi boshqarmalari o‘z xodimlarini mana shunday “majburiy mehnat”dan himoya qila olmaydi? Vazirlik qachongacha qonun-qoidalar va jazo choralarini eslatib, o‘zini oqlash bilan ishni “yopadi”?
Holatga Mass-media fondi Vasiylik kengashi raisi o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva ham o‘z munosabatini bildirib, bunday harakatlar O‘zbekiston kelajagiga zarar yetkazishi haqida aytib o‘tdi.
“O‘qituvchilarni xuddi yigirma yil oldingi kabi yana xonadonlarni aylanib chiqishga va o‘quvchilar ro‘yxatini tuzishga majbur qilishayotgani haqida eshitib, juda xafa bo‘ldim. O‘qituvchilarni ortiqcha ishlarga majbur qilish nafaqat maktabga, balki O‘zbekiston kelajagiga ham zarar yetkazadi.
Men barcha mas’ul shaxslardan ushbu muammoni imkon qadar tezroq hal qilish va o‘qituvchilardan dars berishdan boshqa barcha vazifalarni ozod qilishini so‘rayman.
Hozir mamlakatimizda ta’lim birinchi raqamli ustuvor masaladir. Biz o‘qituvchilarga tekin xizmatkor xodim sifatida qarashga barham berishimiz shart”, — degandi Saida Mirziyoyeva.
Bundan oldin Namangan viloyatining Chust tumani xalq ta’limi bo‘limining telegram kanalida maktab direktorlariga “antiqa topshiriq” berilgani aks etgan suratlar tarqalgandi.
Unda “hurmatli mudirlar, har bir maktab direktori ko‘mirxona oldida rasmga tushib, sizga yuboradi. Siz ushbu guruhga maktab ketma-ketligida yuboring...” deya yozilgandi. Yana bir topshiriqqa ko‘ra, maktab direktorlari “viloyat hokimligiga fotoalbom topshirish uchun har bir maktabdan 2 nafardan xodimning uyida qishga qilingan kartoshka, sabzi, piyoz, guruch, yog‘ni rasmini olib... iqtisodchilarga tashlab berishi” kerak bo‘lgan.
Ushbu xabarlarga viloyat xalq ta’limi boshqarmasi munosabat bildirib, holatni “anglashilmovchilik” deb baholagan.
“Telegram kanalida aks etgan xabar umuman haqiqatga to‘g‘ri kelmasligi, yozuvlar tuman xalq ta’limi bo‘limi telegram kanaliga mas’ul shaxs tomonidan anglashilmovchilik sabab ketib qolganligi va bu borada tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri, telegram admini kelgusida haqiqatdan yiroq va noo‘rin xabarlarni joylamasligi yuzasidan jiddiy ogohlantirildi”, — deyiladi rasmiy munosabatda.
XTB ushbu topshiriqni rad etib, xabar anglashilmovchilik sabab guruhga tashlanganini aytdi. Lekin u kim tomonidan va nima maqsadda yozilganiga izoh bermadi? Bu bilan boshqarma o‘zi yoki boshqa tashkilotning «aybini yashirishga» uningandek go‘yo.
Mamlakat kelajagi bugun maktabda tahsil olayotgan yoshlar qo‘lida. Yoshlarning sifatli bilim olishi esa o‘qituvchilar bilan bevosita bog‘liq. Shunday ekan, o‘qituvchilarga nisbatan munosabatni o‘zgartirib, ularning o‘z vazifalarini bajarishiga sharoit yaratib berish kerak.
Eslatib o‘tamiz, 2018-yil 10-may kuni Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasida majburiy mehnatga barham berishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qarori qabul qilingan. Unda ta’lim, sog‘liqni saqlash muassasalari, boshqa budjet tashkilotlari xodimlarini, ta’lim muassasalari o‘quvchilari va talabalarni majburiy mehnatga, shu jumladan tuman va shaharlar hududlarini obodonlashtirish hamda ko‘kalamzorlashtirish ishlari, mavsumiy qishloq xo‘jaligi ishlari, metall chiqindilari va makulatura yig‘ish, shuningdek, boshqa turdagi mavsumiy ishlarga jalb qilish holatlarining zudlik bilan oldini olish va bunga chek qo‘yish belgilab qo‘yilgan.
Shuningdek, qonunga binoan, fuqarolarni, xususan, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohasi, boshqa budjet tashkilotlari xodimlarini, talabalar va ta’lim muassasalari o‘quvchilarini majburiy jamoat ishlariga bevosita yoki bilvosita jalb qilgan mansabdor shaxslarga nisbatan qat’iy intizomiy choralar ko‘riladi.
Javohirbek Tursunov








