Maktablarda sport rivojlantiriladi: olimpiya sport turlari bo‘yicha to‘garaklar ochiladi
2027-yildan sport musobaqalari g‘oliblariga diplom va sertifikatlar elektron shaklda beriladi.

O‘zbekistondagi umumta’lim muassasalarida o‘quvchilarni sportga jalb qilish maqsadida kamida bittadan sport to‘garagi yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda tegishli qarorda belgilangan.
Hujjatga ko‘ra, maktablarda sport klublari va to‘garaklari tarmog‘i kengaytiriladi, jismoniy tarbiya fani o‘qituvchilari faoliyati rivojlantiriladi.
Shuningdek, sport maktablari biriktirilgan holda umumta’lim muassasalarida “Maktabdan Sport akademiyasigacha” tamoyili asosida yakka kurash va jamoaviy olimpiya sport turlari bo‘yicha kamida bittadan to‘garak tashkil etiladi.
Qarorga muvofiq, 2027-yil 1-yanvardan boshlab “ERP sport” tizimi orqali sport musobaqalari g‘oliblari va sovrindorlariga QR-kod qo‘yilgan diplom hamda sertifikatlar elektron shaklda berish tartibi joriy etiladi.
Bundan tashqari, Sport vazirligi tizimidagi sport turlari bo‘yicha Respublika oliy sport mahorati maktablari negizida Olimpiya terma jamoalari markazi tashkil etiladi.








