Trampning Xitoyga safari: Kim Chen In bilan uchrashuv o‘tkazilishi mumkin
Tramp 2017–2021-yillardagi prezidentlik muddati davomida Kim Chen In bilan bir necha bor uchrashgan.

AQSh prezidenti Donald Tramp shu hafta Sharqiy Osiyoga safari davomida Xitoyda Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In bilan uchrashishi mumkinligini ma’lum qildi.
Tramp bu haqda Oq uyda safarga jo‘nab ketishidan oldin jurnalistlarga aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Xitoy raisi Si Jinping va Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashuvlardan tashqari, Kim Chen In bilan ham muloqot o‘tkazilishi ehtimoli bor.
AQSh prezidenti Shimoliy Koreya yetakchisi bilan ehtimoliy uchrashuv Xitoyda bo‘lib o‘tishini ta’kidladi.
Ma’lumot uchun, Tramp 2017–2021-yillardagi prezidentlik muddati davomida Kim Chen In bilan bir necha bor uchrashgan. Ularning uchrashuvlaridan biri Koreya yarimorolining demilitarizatsiya qilingan hududida o‘tkazilgan.
Tramp joriy prezidentlik muddati davomida ham Kim Chen In bilan yana uchrashish istagini bildirgan. Biroq AQShning yuqori lavozimli rasmiylari avvalroq bunday uchrashuv bo‘yicha yaqin orada aniq rejalar yo‘qligini ma’lum qilgan edi.








