O‘zbekiston va O‘mon yetakchilari oliy davlat mukofotlari bilan taqdirlandi
Shavkat Mirziyoyev Sultonlikning oliy davlat mukofoti – “Ol Said” ordeni bilan taqdirlandi.

Masqat shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va O‘mon Sultoni Haysam bin Toriq Ol Saidni ikki mamlakatning oliy davlat mukofotlari bilan taqdirlashga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.
O‘mon Sultoni ikki davlat o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni mustahkamlash, ko‘p qirrali hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishga qo‘shgan ulkan hissasi uchun Shavkat Mirziyoyevni Sultonlikning oliy davlat mukofoti – “Ol Said” ordeni bilan taqdirladi.
Davlat rahbari bunday yuksak e’tirof uchun O‘mon Sultoniga samimiy minnatdorlik bildirib, ushbu mukofotni butun O‘zbekiston xalqiga, mamlakatlar o‘rtasidagi azaliy do‘stlik va mustahkam hamkorlikka ko‘rsatilgan yuksak hurmat ifodasi sifatida qabul qilishini ta’kidladi.
O‘z navbatida, Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘mon Sultonini mamlakatlar o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro anglashuvni mustahkamlash, siyosiy-diplomatik, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar sohalardagi aloqalarni izchil rivojlantirishga qo‘shgan salmoqli hissasi uchun “Oliy Darajali Do‘stlik” ordeni bilan mukofotladi.
Ta’kidlanganidek, ushbu mukofot O‘mon Sultonining ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish yo‘lidagi sa’y-harakatlariga O‘zbekiston xalqi va davlati tomonidan bildirilgan yuksak ehtirom ifodasidir. Yetakchilarning oliy davlat mukofotlari bilan o‘zaro taqdirlanishi tomonlarning ko‘p qirrali sheriklikni yanada mustahkamlashga bo‘lgan qat’iy intilishini namoyon etdi.








