Respublikachilar g‘alabasidan so‘ng ham AQSH Ukrainaga yordam beradi
Bu haqda Maykl Makkol ma’lum qildi.

Respublikachilar partiyasi AQSH Kongressi Vakillar palatasi ustidan nazoratni qo‘lga kiritgach, Ukrainaga yordam ko‘rsatishni to‘xtatmaydi. Bu haqda Tashqi ishlar qo‘mitasiga rahbarlik qilishi kutilayotgan Maykl Makkol ma’lum qildi. Shu bilan birga uning partiyasi Vashington tomonidan ko‘rsatilayotgan xorijiy yordam ustidan ko‘proq nazorat o‘rnatilishini, shuningdek, ittifoqchilarning ko‘proq ishtirok etishini xohlaydi.
“Amerika Ukrainaga yordam berishini o‘rinli deb o‘ylayman. Biz Ukrainada global mojaro yuz berishidan qochishga harakat qilmoqdamiz”,- dedi janob Makkol. Siyosatchi, shuningdek, Ukrainaga uzoq masofaga uchuvchi artilleriya kabi yangi qurollarni jo‘natishni xohlashini aytdi.U shuningdek, Xitoy bilan raqobatlashishni o‘zining asosiy vazifasi deb hisoblashini bildirgan.
Makkolga ko‘ra, AQSH va Xitoy hozir “buyuk kuchlar raqobati” holatida. Siyosatchining fikricha, Pekin AQSH xavfsizligiga eng katta tahdiddir.
AQSHdagi oraliq saylovlardan so‘ng respublikachilar zarur bo‘lgan 218 o‘rin bilan Vakillar palatasi ustidan nazoratni qo‘lga kiritishdi. Demokratlar hozirgacha 208 o‘ringa ega. Shu bilan birga, Demokratik partiya AQSH Kongressining yuqori palatasi Senat ustidan nazoratni allaqachon qo‘lga kiritgan.







