YeI-Markaziy Osiyo munosabatlari: nima uchun Bryussel mintaqa davlatlari bilan aloqalarga tobora ko‘proq e’tibor beryapti?
Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyoda faollashmoqda: so‘nggi ikki oyda avval Qozog‘istonda, so‘ng Samarqandda mintaqa davlatlari va YeI o‘rtasida yirik uchrashuvlar bo‘ldi.

Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyoda faollashmoqda: so‘nggi ikki oyda avval Qozog‘istonda, so‘ng Samarqandda mintaqa davlatlari va YeI o‘rtasida yirik uchrashuvlar bo‘ldi.
“Ko‘hna qit’a”ning Markaziy Osiyoga qiziqishi tobora ortib boryapti. Yevroittifoq bosh diplomati Jozep Borrel bir necha chiqishlarida mintaqaning ulkan strategik ahamiyati haqida gapirdi.
“Uzoq asrlar davomida Markaziy Osiyo Uzoq Sharqni Yevropa bilan bog‘lashda muhim rol o‘ynagan, xususan, Buyuk Ipak yo‘li orqali tovarlar va g‘oyalar turli yo‘nalishlarda tarqalgan. Yangi shart-sharoitlar fonida munosabatlarni doimiy ravishda rivojlantirish va yangilab turish kerak. Hozirgi kunda Markaziy Osiyo geostrategik va geoiqtisodiy voqealarning markazida turibdi”, – deb qayd etdi janob Borrel Samarqandga tashrifi yakuni bo‘yicha bergan bayonotida.
Mutaxassislarning fikricha, Markaziy Osiyo bir necha omillar tufayli YeI tashqi siyosatida tobora ustuvor ahamiyat kasb etib bormoqda.
Birinchidan, pandemiyadan keyingi tiklanish hamda Rossiya-Ukraina mojarosi fonida Yevropa energetik manbalarning barqaror yetkazib berilishidan manfaatdor. Mintaqa davlatlari uglevodorodlarga boy. Uzoq vaqt Yevropaning asosiy ta’minotchisi bo‘lgan RF neft-gaz eksportini qisqartirdi, Moskva Osiyo bozorlarini zabt etishga harakat qilyapti. YeI ham Rossiya energetik manbalariga to‘liq sanksiya joriy etishni istisno etmayapti. Natijada yangi eksportyorlarga ehtiyoj tug‘ildi. Ayrim kuzatuvchilar Qozog‘iston va Turkmanistonning Kaspiy orqali Yevropaga neft va gaz eksportini yo‘lga qo‘yishini taxmin qilmoqda. Qozog‘iston bu bo‘yicha amaliy harakatlarni allaqachon boshlagan.
Rossiya-Ukraina mojarosi YeIning Osiyo, birinchi navbatda Xitoy bilan savdosiga ham o‘z ta’sirini o‘tkazdi. Ma’lumki, Pekin Yevroittifoqning eng asosiy savdo hamkorlaridan biri. Uzoq yillar davomida Rossiya ikki iqtisodiy mintaqani bog‘laydigan asosiy tranzit davlati bo‘lib keldi. Endilikda Bryussel yangi transport koridorlarini topishga majbur. Bu yo‘nalishda Markaziy Osiyo eng maqbul variant sifatida ko‘rilmoqda: mintaqa Kaspiy orqali Kavkazga, u yerdan Turkiya orqali Yevropaga chiqishi mumkin.
Transkaspiy transport yo‘lagini rivojlantirish masalasi bir necha bor yuqori doiralarda ko‘tarildi. Xususan, Shavkat Mirziyoyev Turkiy davlatlar tashkilotining Samarqand sammitidagi nutqida ushbu transport koridorini rivojlantirish muhimligini ta’kidlagan edi.
YeIga to‘g‘ridan to‘g‘ri chiqish imkoniyati Markaziy Osiyo davlatlari manfaatlariga ham javob beradi. Bu dunyoning eng taraqqiy topgan qismidagi bozorlarga kirib borish va jahon iqtisodiyotidagi mavqeni mustahkamlash imkoniyatini ochadi.
Ikkinchidan, YeI boshqa kuch markazlari bilan global raqobatida Markaziy Osiyoga ustuvorlik bermoqda. Gap birinchi navbatda Rossiya va Xitoy haqida ketmoqda. Ukraina nizosi Gʻarbning Moskva bilan qarama-qarshiligini yanada keskinlashtirdi. Endilikda RF ta’siri yuqori bo‘lgan mintaqalarga kirib borish jadallashmoqda. Bunda Markaziy Osiyo alohida ahamiyatga ega. Rossiya va Xitoy butun mintaqaning asosiy savdo-iqtisodiy hamkori.
Borrel Moskva va Pekinning mintaqadagi mavqeini e’tirof etgan holda, MO tashqi siyosatining bir tarafga bog‘lanib qolmasligi zarurligini alohida qayd etdi. Yevropa birinchi navbatda iqtisodiyot, investisiyalar, savdo, texnologiyalar va sog‘liqni saqlash sohalaridagi hamkorlikni kuchaytirish orqali mintaqa davlatlari bilan aloqalarni yangi bosqichga ko‘tarmoqchi hamda RF va XXR ta’sirini ma’lum darajada kamaytirmoqchi.
Uchinchidan, xavfsizlik, birinchi navbatda Afg‘onistondagi vaziyat YeIning Markaziy Osiyo bilan aloqalarini mustahkamlashini taqozo etadi. Afg‘onistondagi barqarorlik har ikki mintaqa uchun muhim. Afg‘on zaminining terrorizm o‘chog‘iga aylanishi esa Yevroittifoq va Markaziy Osiyo uchun birdek xavfli.
Bundan tashqari, afg‘on xalqiga gumanitar yordam berish masalasida ham har ikki tomon pozisiyalarini muvofiqlashtirish zarur. Shu ma’noda bu yo‘nalishda birgalikdagi harakatlar barchaning manfaatlariga javob beradi.Markaziy Osiyo yangi taraqqiyot bosqichiga chiqmoqda. Yevropa ittifoqi bilan aloqalarni, birinchi navbatda iqtisodiy munosabatlarni chuqurlashtirish mintaqaning barqaror rivojlanishi va iqtisodiy taraqqiyotiga xizmat qilishi shubhasiz.








