Sibirda o‘lat aniqlanmadi: karantindagilarning 60 foizi chiqarildi
Rossiyaning Irkutsk viloyatida o‘lat bo‘yicha tadqiqot instituti xodimi vafot etganidan keyin u bilan aloqada bo‘lganlar tekshirildi.

Rossiyaning Irkutsk viloyatida o‘lat bo‘yicha tadqiqot olib boruvchi institut xodimi vafot etganidan keyin uning atrofidagi odamlarda o‘lat kasalligi aniqlanmadi. Rospotrebnadzor ma’lumotiga ko‘ra, marhum bilan aloqada bo‘lganlar orasida ikki kishida COVID-19, yana ikki kishida rinovirus infeksiyasi aniqlangan.
28 yoshli laboratoriya xodimi 2-oktyabr kuni kelib chiqishi hozircha aniqlanmagan pnevmoniya sabab vafot etgan. Uning o‘limi ortidan Shelexov shahridagi shifoxonalardan birida karantin joriy etilib, u bilan aloqada bo‘lganlar tibbiy kuzatuvga olingan.
Rospotrebnadzor xodimning o‘limi sababini aniqlash uchun keng qamrovli tekshiruv o‘tkazilganini bildirdi. Marhumaning organizmida uning ish faoliyati bilan bog‘liq mikroorganizmlar topilmagan. Shuningdek, Irkutskdagi o‘lat instituti xodimlari orasida so‘nggi 10 kun ichida yuqumli kasalliklar qayd etilmagan.
Karantinga olinganlardan har kuni laboratoriya tahlillari olingan. Natijada COVID-19 va rinovirusdan tashqari boshqa yuqumli kasalliklarni keltirib chiqaruvchi qo‘zg‘atuvchilar aniqlanmagan. Kuzatuv ostidagi odamlarning hech birida yuqumli kasallikka xos holat kuzatilmagan.
Shelexov tumani rahbari o‘rinbosari Yelena Sofinaning aytishicha, shifoxonada karantin joriy etilishiga sabab bo‘lgan “xavfli tashxis” tasdiqlanmagan. Karantinga olinganlarning 60 foizi allaqachon uyiga chiqarilgan. Avvalroq mahalliy OAV qariyb 200 kishi karantinga olingani haqida xabar bergan edi.
AQSh prezidenti Donald Tramp dushanba kuni Rossiyaga yordam taklif qilib, vaziyatni “Rossiya uchun katta muammo” deb atadi. Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov yordam taklifini ijobiy baholadi, biroq Moskva undan foydalanish-foydalanmasligini aytmadi.
AQSh davlat kotibi Marko Rubio esa Rossiya vaziyat haqida ko‘proq ma’lumot berishi kerakligini bildirdi.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Rossiya unga Irkutskda o‘lat bilan kasallanish holatlari aniqlanmagani haqida ma’lumot berganini ma’lum qildi. Shu bilan birga, Reuters laboratoriya xodimining o‘limi sabablarida o‘lat ehtimoli butunlay istisno qilingan-qilinmaganini mustaqil ravishda aniqlay olmagan.
Shelexov aholisi esa vaziyat kundalik hayotga jiddiy ta’sir qilmaganini aytgan. Ayrim fuqarolar dastlab ehtiyot chorasi sifatida do‘konlarda tibbiy niqob taqqan.
Mahalliy aholi vakillaridan biri Anna shaharda vaziyat tinchligini, odamlar ehtimoliy cheklovlarga tayyor turganini, ammo hayot odatdagidek davom etayotganini aytdi. Yana bir fuqaro Denisning so‘zlariga ko‘ra, laboratoriya xodimining o‘limi shaharda keng muhokama qilingan. Mahalliy shifoxona diagnostik tekshiruvlarni vaqtincha to‘xtatgan, keyinchalik esa odatdagi ish tartibiga qaytgan.








