Nigeriyada harbiy samolyot botqoqqa quladi: 25 kishi halok bo‘ldi
Mamlakatda 3 kunlik milliy motam e’lon qilindi.

Nigeriyaning Ondo shtatida harbiy samolyot botqoqqa qulab tushishi oqibatida 25 kishi halok bo‘ldi. Mamlakat prezidenti Bola Tinubu munosabati bilan uch kunlik milliy motam e’lon qildi. Bu haqda BBC xabar berdi.
Dastlab halok bo‘lganlar soni 32 nafar deb xabar qilingan edi. Biroq Nigeriya Harbiy-havo kuchlari keyinchalik halokatda besh nafar ekipaj a’zosi va 20 nafar yo‘lovchi — jami 25 kishi halok bo‘lganini ma’lum qildi. Samolyot bortidagi 19 kishi harbiy xizmatchilar bo‘lgan.
Rasmiylarga ko‘ra, ATR-42 rusumidagi samolyot dushanba kuni ertalab Benin-Siti shahridan Lagosga muntazam parvoz qilayotgan vaqtda Igbokoda hududidagi harbiy-dengiz bazasi yaqinidagi botqoqqa qulagan. Samolyot suv ostida qolgan.
Voqea joyidan kiyim-kechak va poyabzallar topilgani, hududdan esa tutun ko‘tarilgani xabar qilindi. Qidiruv-qutqaruv ishlari olib borilgan.
Prezident Bola Tinubu halok bo‘lganlarning yaqinlariga hamdardlik bildirib, halokat sabablarini aniqlash uchun keng qamrovli tergov boshlashni topshirdi. Shuningdek, mamlakat bo‘ylab davlat bayroqlarini yarim tushirilgan holatda o‘rnatish haqida ko‘rsatma berdi.
Mazkur halokat 1992-yildan buyon Nigeriyada harbiy samolyot ishtirokidagi eng ko‘p odam halok bo‘lgan aviahalokat sifatida qayd etildi.
Ma’lumot uchun, 2021-yil may oyida Nigeriya armiyasi rahbari general-leytenant Ibrohim Attahiru Kaduna shtatida harbiy samolyot halokatga uchrashi oqibatida yana 10 nafar zobit bilan birga halok bo‘lgan. O‘sha yilning fevralida esa Abuja shahrida harbiy samolyot halokatga uchrab, yetti kishi halok bo‘lgan.







