Elektr va gaz uchun kompensatsiya: 470 ming oilani qamrab olish rejalashtirilmoqda
Elektr energiyasi va gaz bo‘yicha bazaviy me’yordan ortiq iste’moli xarajatlarining bir qismini qoplash muddatini 2028-yil 1-aprelgacha uzaytirish taklif qilindi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 6-oktyabr kuni kuz-qish mavsumida aholini, ayniqsa, ehtiyojmand oilalarni ijtimoiy himoya qilish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Unda elektr energiyasi, gaz, ko‘mir va kommunal xizmatlar uchun to‘lovlar bo‘yicha amaldagi qo‘llab-quvvatlash choralarini kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Xususan, isitish mavsumida gazlashmagan va gaz yetib bormagan hududlarda elektr energiyasi bo‘yicha bazaviy iste’mol me’yorini 200 kilovatt-soatdan 350 kilovatt-soatgacha oshirish taklifi ma’qullandi.
Shuningdek, dekabr oyida ehtiyojmand oilalarga bir martalik moddiy yordam ajratish masalasini ko‘rib chiqish taklif qilindi.
Ijtimoiy reyestrga kirmagan ehtiyojmand oilalarning elektr energiyasi, gaz, ko‘mir va kommunal xizmatlar xarajatlarini qoplashda qo‘llaniladigan daromad mezonini oilaning har bir a’zosi uchun 1 million 430 ming so‘mgacha oshirish taklifi ham ko‘rib chiqildi. Bu orqali qo‘llab-quvvatlash qamrovi yana 166 ming oilaga kengaytiriladi.
Bundan tashqari, elektr energiyasi va gaz bo‘yicha bazaviy me’yordan ortiq iste’mol xarajatlarining bir qismini qoplash muddatini 2028-yil 1-aprelgacha uzaytirish taklif qilindi. Mazkur chora yiliga 470 ming oilani qamrab olishi kutilmoqda.
Sharoiti og‘ir mahallalardagi 3 mingta xonadonni issiqlik jihatidan himoyalash va energiya tejovchi uskunalar bilan ta’minlash ishlari ham davom ettiriladi.
Prezident Hukumatga belgilangan yordam uchun mablag‘larni o‘z vaqtida yo‘naltirish, ehtiyojmand oilalarni aniqlashda manzillilikni ta’minlash hamda yordamning har bir oilaga yetib borishini nazorat qilishni topshirdi.
Shuningdek, energiya resurslarini ishlab chiqaruvchi va yetkazib beruvchi korxonalarni transformatsiya qilish, boshqaruv samaradorligini oshirish, ortiqcha xarajatlar hamda tarmoqlardagi yo‘qotishlarni qisqartirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.








