Organizmga yod yetishmayotganini qanday bilish mumkin?
Yodning kami ham, ko‘pi ham zarar.

Qalqonsimon bez patologiyasi dunyo bo‘ylab tarqalish bo‘yicha qandli diabetdan so‘ng ikkinchi o‘rinda turadi. Bu ham noto‘g‘ri ovqatlanish oqibatlari bilan bog‘liq.
Buning ustiga, Markaziy Osiyo hududida havo harorati juda yuqori bo‘lishi tuproq tarkibidagi yod moddasining ham bug‘lanib ketishiga sabab bo‘ladi. Bu esa, o‘z navbatida, yodning o‘simliklar va oziq-ovqat mahsulotlari orqali odam organizmiga yetarli bo‘lgan miqdorda qabul qilinishini cheklaydi.
Shu bois O‘zbekiston yod tanqisligi kasalliklari keng tarqalgan endemik mintaqalar sirasiga kiradi.
Yod yetishmovchiligi qalqonsimon bezni ishdan chiqarib boradi. Eng yomoni, yod tanqisligini asoratlar paydo bo‘lmasidan oldin bilish qiyin.
Ammo buni ayrim belgilari borki, ular orqali vaqtida chora ko‘rishni boshlash mumkin. Biroq, yodda tuting, o‘zboshimchalik bilan davolanish yaramaydi.
Yod nafaqat qalqonsimon bez ishida qatnashadi, shuningdek, hujayralar yaxshi nafas olishini va natriy hamda gormonlar transportirovkasini ham taʼminlaydi. Bu jarayonlar buzilganda esa organizmning barcha tizimlarida muammolar boshlanadi.
Meʼyorda inson tanasida 50 mg yod saqlanadi. Qalqonsimon bezda buning yarmidan ortig‘i saqlanadi, qolgan yod mushaklar va qonda, ayollarda esa tuxumdonlarda ham taqsimlanadi.
Yod tanqisligi qalqonsimon bez yordam signali yubora boshlanganida seziladi. Ammo zarur mikroelement yetishmayotganini bildiruvchi bir qator alomatlar mavjud.
Vazn ortishi, shishlar, doimiy charchoq hissi, depressiv holat, kayfiyat tushishi, diqqat va xotira pasayishi, hayz sikli buzilishi, quloqlardagi shovqin, bosh aylanishi, rangsizlik shular jumlasidandir.
Agar shu alomatlarning birortasi sezilsa, endokrinologga murojaat qiling. Agar sizni hech narsa bezovta qilmasa ham, profilaktika maqsadida shifokorga ko‘rinib turing.
Ammo o‘zboshimchalik bilan yod isteʼmoliga kirishmang. Unutmang, yodning organizmda ortiqcha bo‘lishi uning yetishmovchiligidan ham xavfliroq.








