Tong yorishmay maktabga ketayotgan bolalar, sirpanchiq uchayotgan o‘qituvchi, sinfda yolg‘iz o‘tirgan Kusherbayevning o‘g‘li...

Kutilmaganda boshlangan darslar maktablarda qanday kechmoqda?

Tong yorishmay maktabga ketayotgan bolalar, sirpanchiq uchayotgan o‘qituvchi, sinfda yolg‘iz o‘tirgan Kusherbayevning o‘g‘li...

 

Kecha, 10 yanvar kuni kechqurun 22:00 larda qator viloyatlarda jumladan Toshkent shahridagi ayrim maktablarda ham 11 yanvardan darslar boshlanishi eʼlon qilindi. Kutilmaganda qabul qilingan qaror esa keng jamoatchilik tomonidan muhokama qilinmoqda.

 

Bugun, 11 yanvar kuni ijtimoiy tarmoqlarda darslar boshlanishi eʼlon qilingan maktablarda o‘quvchilar darsga kelmagani aytilmoqda.

 

Masalan, Toshkentdagi maktablarning birida sinfda bir nafar o‘quvchi darsga kelgan.

 

"Bizga ham buyruq berishadi. Agar biron nima desak, "oyligingni olganingdan keyin ishlaysanda" deyishadi. Bugun sinfimda 1 nafar o‘quvchi kelibdi", — deb yozdi o‘qituvchilardan biri.

 

"Ikki bolaga yangi mavzuni qanday tushuntirish kerak? Keyin, boshqa o‘quvchilar kelganidan keyin yana hammaga tushuntirish kerakmi? Bu shunchaki masxaravozlik", — deya post qoldirgan toshkentlik boshqa o‘qituvchi.

 

Shuningdek, sobiq deputat Rasul Kusherbayev ham farzandining sinfida faqat bir o‘zi borganini maʼlum qildi.

 

"Bugun farzandim sinf bo‘yicha darsga borgan yolg‘iz o‘quvchi bo‘libdi. O‘qituvchisi va farzandimdan bo‘lak boshqa hech kim darsga kelmagan", — yozgan u.

 

Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda sinfxonalarda xona harorati 0 ham emas -1 darajani ko‘rsatayotgani, sovuqda bolalar darsga kelmagani o‘qituvchi o‘zi bilan o‘zi salomlashayotgani, Andijondagi maktablarga ham juda kam bola kelgani, o‘qituvchilar zerikkanidan qorda sirpanayotgani aks etgan fotosurat va videolar ham tarqaldi.

 

Kutilmaganda qabul qilingan qarordan tuni bilan o‘ylanib, bir to‘xtamga kelolmagan, vaziyat o‘zgarishidan umidvor bo‘lgan ota-ona va o‘qituvchilar ham bo‘ldi. Tabiiyki, bu mavzu “trend”ga chiqdi. Bu keng jamoatchilik tomonidan muhokama markazida bo‘lib turibdi.

 

“Hammasi taʼlimdan boshlanadi va… taʼlimda tugaydi”

 

Bloger Aziza Qurbonova o‘zining telegram kanalida shunday yozdi:  

 

“Tarmoqda “tonggacha maktabni isit”, “ertadan maktab, tepadan davomat tekshiriladi” kabi sharmanda-yu sharmisor topshiriq-yozishmalar bolalay boshladi.

Bir qaraganda ana xorij tajribasi: mamlakat taʼlim menejmentida markazlashtirishdan voz kechib, hududlar/taʼlim muassasalarining o‘zlari qachon ish boshlash-boshlamaslikni hal qilganlari yaxshidek tuyuladi. Lekin bizda doimgidek “eng yaxshisini kutamiz va… doimgidek bo‘ladi”.

Tun yarmiga og‘ganda mahalliy hokimiyatlarga berilgan tanlov huquqi “bajaramiz” kampaniyavozligiga aylanib ketdi. “Maktabing tayyormi, o‘zing tanla” desa “yo‘q, 6 million bolani oldida sizlar uyalmasangiz, men maktabimdagi mingta bolaning oldida bu tuturiqsizlikdan uyalaman” deydigan mard topilarmidi? Yo‘q, albatta.

Bajaramiz.

Hammasi taʼlimdan boshlanadi va… taʼlimda tugaydi”.

 

Toshkent maktablari guruhlarini portlatgan xabar

 

Adliya vaziri maslahatchisi Shahnoza Soatova kecha bunaqa havoda va shoshilinchda baribir ko‘pchilik maktabga bormasligini taʼkidladi.

 

“Qanaqasiga kech soat 23 ga o‘tganda “ertalabdan maktab»deb eʼlon qilishadi? Bolalar uxlab ham qolgan ayrimlari, baʼzilari cho‘milmagan, yana ayrimlariga bunaqa sovuq va qor uchun kiyim ham olinmagandir (taʼtil uzaydi, amallab turasan yengil kurtkangni degandir).

Toshkent maktablari guruhlari portlayapti, hali Toshkentda rasman o‘qish qachon boshlanishi eʼlon qilinmadi, lekin ayrim maktablar  direktorlari «ertadan o‘qish» deb guruhlarga yozib bo‘lishdi.

Ertaga bunaqa havoda bunaqa shoshilinchda baribir ko‘pchilik maktabga bormaydi, qonun-tartiblar jimgina inkor qilinadi. Odamlar nima qilsin, yuqorida o‘zi beqarorlik bo‘lsa? Ertalab turgunicha yo maktabgacha yo‘lning yarmiga yetganda o‘qish yana bekor bo‘pqosa-chi, birpas kutaylik deydi.

Avgustdagi maktab formasi bilan bo‘lgan holat esga tushyapti. Bolalar buni ko‘rib qanday xulosa, tarbiya, ibrat oliyapti?”

 

Qatʼiyatsiz va oqibati chuqur o‘ylanmay qilingan qaror

 

Rasul Kusherbayev kutilmaganda maktablarda dars boshlanishini milliardlab zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan tezkor qaror deya baholadi. 

 

“Anomal sovuq ob-havo kirib kelishi munosabati bilan barcha bo‘g‘indagi taʼlim muassasalarida qishki taʼtil muddati 17 yanvarga qadar uzaytirilib, o‘quv mashg‘ulotlari 18 yanvardan boshlanishi maʼlum qilingandi.

Biroq 10 yanvar kechga yaqin ko‘plab hududlardagi maktablarda o‘qishlar 11 yanvardan boshlanishi belgilanibdi.

Qatʼiyatsiz va oqibati chuqur o‘ylanmay qilingan qaror!

Sababi, energiya iqtisod qilinishi uchun ko‘plab  maktablarda issiqlik o‘chirilgan haqida eshitdik. Issiqlik tizimi ichidagi suv muzlasa trubalar yoriladi. Hoyna hoy yorilmasligi uchun suvlar ham tizimdan chiqarib tashlangan.

Endi mana bu qaror tufayli bugun ertalabgacha maktablardagi issiqlik tizimiga suv haydaladi. Bunaqa tezkor rejimda kamdan kam holatda tizim suvga to‘lib betalafot binoni isitishni boshlaydi. Aksariyat hollarda sovuqda trubalar yoriladi yoki nasos ishdan chiqib, issiqlik tizimini ishlatish aksincha haftalab nariga suriladi.

10 yanvar kechqurun 11 yanvar ertalab maktabda dars boshlash haqida qaror qilishdan oldin loaqal birorta masʼul rahbar maktablardagi "kotelniy"chidan isitishning texnik imkoniyati haqida so‘rab ko‘rdimikan?

Afsuski bu tezkor qaror qator maktablarni bor isitish tizimini ham ishdan chiqarib, mamlakat miqyosida milliardlab zarar yetkazishi mumkin”, — dedi Kusherbayev.

 

Kengashli to‘y tarqamas

 

Bloger Xurshid Daliyev taʼlim sohasida “ezgu niyat”da deya qabul qilinayotgan har qanday qarorlar jamiyatda juda katta rezonansga sabab bo‘layotganini taʼkidladi.

 

“Prezident har doim o‘z nutqida sohada tizim bo‘lishi kerak, tizim ishlashi kerak deb aytadi. Qaysi sohani tahlil qilmasin soha egalariga aniq vazifalar va tavsiyalar beradi. Ayniqsa, Murojaatnomada bu yilni “taʼlim sifatini oshirish”ga alohida urg‘u berildi. Ha, Prezident to‘g‘ri aytyapti "Najot – taʼlimdadir".

Ijroga kelganda esa, nega endi shu taʼlim sohasi hokimlarga ishonib topshirilayapti? Ular esa har doimgidek “salladan ko‘prog‘ini” olib kelishyapti. Mana shu “ruchnoy” boshqaruv. Mana shu tizimsizlik. Taʼlimning o‘z egalari, o‘z fidoyilar borku. Ularga ishonch bildirib, ularning maslahatlarini olgan maʼqul emasmi?

Eʼtibor beringda, taʼlim sohasida “ezgu niyat”da deya qabul qilinayotgan har qanday qarorlar jamiyatda juda katta rezonansga sabab bo‘lyapti. Nega shunday? Nima deb o‘ylaysiz? Bu — oldin qarorlarni qabul qilib qo‘yib, keyin endi nima qilsak ekan degandek taassurot uyg‘otyapti.

Tushunamiz, ko‘pchilikka daxldor bo‘lgan bo‘lgan qarorlarni qabul qilish oson emas, ayniqsa eng kritik vaqtda. Bunday paytlarda yetti o‘lchab bir kesgan maʼqul. Shoshma-shosharlik qilmasdan, ko‘pchilikning fikrini inobatga olgan maʼqul. Bosqichma-bosqich deb tavsiya berildimi, shunday qilaylik. Bir-ikki kun kechroq bo‘lsa bo‘lsin, xavfsizroq va betalafot bo‘lsin!”, — degan u.

 

Anomal qarorlar

 

Bloger Muhrim Aʼzamxo‘jayev esa holatni “O‘zbekiston, uning xalqi, mustaqilligi, kelajagi uchun eng katta va jiddiy xavf anomal sovuq yo issiq emas, balki hech kim va hech narsadan qo‘rqmaydigan anomal o‘zbek chinovniklari hamda ular qabul qiladigan anomal qarorlardir”, deya taʼrifladi.

 

Yarim tunda o‘zgaradigan qonunlar

 

Jurnalist Muslim Mirzajonov esa qabul qilingan qarorlar yarim tunda o‘zgarib qolishi, odamlar esa nima qilarini bilmay, gangib yurgani haqida yozdi.

 

“Nega mamlakat miqyosida qabul qilingan qaror yarim kunda o‘zgarib qolaveradi? Odamlar bu yoqda gangib yuribdi. Ularning rejalari bir pul. Kechagina uyiga qaytib ketgan talaba, yana o‘qishga kelishi kerak. Bu nima jinnixona? Raz cho‘zildimi, kuchida qolavermaydimi yoz bo‘pketsayam. Tentagona beqarorlik. Afandichilik bu yog‘i. "Vaziyatga qarab onlayn taklif etiladi" qabilidagi gaplar umuman ishlamaydi. "Kel, o‘qi", deyiladi i vsyo! Bilmasak ekan bizda qanaqa ishlashlarini”, — deydi jurnalist.

Turkiyada ikki qidiruvdagi shaxs ushlandi: biri 9 yildan beri qochib yurgan

Turkiyada ikki qidiruvdagi shaxs ushlandi: biri 9 yildan beri qochib yurgan

Ikki fuqaro belgilangan tartibda O‘zbekistonning vakolatli organlariga topshirildi.

Maktab oldida pichoqli hujum: 8 nafar o‘quvchi jarohatlandi

Maktab oldida pichoqli hujum: 8 nafar o‘quvchi jarohatlandi

15 yoshli qiz maktabga kirayotgan o‘quvchilarga pichoq bilan hujum qilgan.

Paxta terimi puli vaqtida to‘lanmagan: terimchilarga qariyb 9 mlrd undirib berildi

Paxta terimi puli vaqtida to‘lanmagan: terimchilarga qariyb 9 mlrd undirib berildi

Davlat mehnat inspeksiyasi hududlarda monitoring o‘tkazdi.

Sibirda o‘lat aniqlanmadi: karantindagilarning 60 foizi chiqarildi

Sibirda o‘lat aniqlanmadi: karantindagilarning 60 foizi chiqarildi

Rossiyaning Irkutsk viloyatida o‘lat bo‘yicha tadqiqot instituti xodimi vafot etganidan keyin u bilan aloqada bo‘lganlar tekshirildi.

Nigeriyada harbiy samolyot botqoqqa quladi: 25 kishi halok bo‘ldi

Nigeriyada harbiy samolyot botqoqqa quladi: 25 kishi halok bo‘ldi

Mamlakatda 3 kunlik milliy motam e’lon qilindi.

Elektr va gaz uchun kompensatsiya: 470 ming oilani qamrab olish rejalashtirilmoqda

Elektr va gaz uchun kompensatsiya: 470 ming oilani qamrab olish rejalashtirilmoqda

Elektr energiyasi va gaz bo‘yicha bazaviy me’yordan ortiq iste’moli xarajatlarining bir qismini qoplash muddatini 2028-yil 1-aprelgacha uzaytirish taklif qilindi.

Samarqandda 2 mingta mashina jarima maydonchasiga joylashtirildi

Samarqandda 2 mingta mashina jarima maydonchasiga joylashtirildi

MIB hamda YHXB hamkorligida o‘tkazilgan qo‘shma reydlar davomida 9 oyda 2 152 ta avtotransport vositalari vaqtinalik saqlash uchun jarima maydonchasiga qo‘yilgan, shundan 1 856 tasi jarimalarni to‘laganligi sababli jarima maydonchasidan chiqarilgan.

Aliment o‘rniga uy-joy va “NEXIA 3”: Toshkentda ota farzandlari taʼminotini oldindan taʼminladi

Aliment o‘rniga uy-joy va “NEXIA 3”: Toshkentda ota farzandlari taʼminotini oldindan taʼminladi

Hozirgi kunda mazkur ijro hujjatida belgilangan majburiyatlar to‘liq bajarilganligi munosabati bilan ijro ishi qonunning 37-moddasiga asosan tamomlangan.

Tong yorishmay maktabga ketayotgan bolalar, sirpanchiq uchayotgan o‘qituvchi, sinfda yolg‘iz o‘tirgan Kusherbayevning o‘g‘li... | Zamon.uz