Rahbarlarni bo‘shatish yetarli emas: bizga tizimli islohotlar kerak
Anomal sovuq energetika tizimining “nogiron”ligini ko‘rsatib qo‘ydi.

Avtomobilda jon saqlayotgan oila, gaz va “svet”siz qiynalayotgan poytaxtliklar, “dom”lar oldida olov yoqib isingan odamlar, sovuqdan qaqshayotgan nogironlar, sovuqqotayotgan chaqaloqlar, telefonini ham quvvatlashga imkonsiz, sandal qurib jon saqlayotgan qishloq aholisi, taʼlimning qarorlarini “tortib olgan” hokimliklar, qishki taʼtil borasida hali bir qarorga kelolmayogan taʼlim bu yilgi qishning “trend”ga chiqqan muammolari bo‘ldi. Is gazidan vafot etayotgan fuqarolarniku, aytmasa ham bo‘ladi. Rasmiy maʼlumot berilganlariniku bilarmiz, ammo bizga maʼlum bo‘lmaganlari qancha!? Tizimdagi muammolar fuqarolarni “elektroset” xodimi bo‘g‘ziga pichoq tirashgacha olib bordi.
Prezident munosabatigacha yetib borgan shikoyatlar
Kuz kelishi bilan mutasaddi tashkilot rahbarlarining nutqini “kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish” jumlasi bezaydi. Hatto OAV orqali ham bu borada bong uramiz. Biroq 2023 yil olib kelgan anomal sovuq “anchadan beri ko‘rilayotgan tayyorgarlik”ning asl yuzini ochdi.
Dekabr oyi boshida Prezident topshirig‘iga asosan, Bosh vazir boshchiligida respublika hududida energiya muammolarini tezkor o‘rganish va hal qilib borish maqsadida Hukumat ishchi guruhi tuzilgan edi.
Shunga qaramay, aholining energiya mahsulotlariga bo‘lgan asosiy ehtiyojlari qondirilmadi. Ob-havoning keskin sovishi hatto Toshkent shahrida ham gaz bosimining pasayishi va elektr energiyasidagi uzilishlarga olib keldi. (Qishloqlarniku gapirmasa ham bo‘ladi. Ayrim hududlarda aholi erta bahordan kelasi yil qish g‘amini yeydigan bo‘lgan).
Iqtisodiyotimiz yildan yilga o‘sib borishiga qaramay, yangi yilning 10-15 yanvar kunlari kuzatilishi prognoz qilingan anomal sovuq qarshisida turib bera olmadik. Tan olishimiz kerak: biz bunday sovuqqa hali tayyor emas ekanmiz. Ijtimoiy tarmoqlar orqali Toshkent aholisining sovuqdan qiynalib, muammoga chora topish kerakligini so‘rab yolvorishlari toki Prezident yig‘ilish o‘tkazmaguncha masʼullarni sergaklantirmadi.
Vaziyat shu qadarga borib yetdiki, shikoyatlar Prezident munosabatigacha yetgan bir paytda, 6 oydan buyon taʼmirlanmagan energobloklar, yetkazib berilmagan milliardlab kilovatt energiya, eskirgan transformatorlar o‘sha “tayyorgarliklar”ning mahsuli ekanini tushungandek bo‘ldik.
Kecha Prezident yana bir bor Bosh vazir va Energetika vaziriga bor imkoniyatlarini ishga solib, mavjud resurslarni adolatli taqsimlab, muammoli mahallalarda odamlarga zudlik bilan yordam ko‘rsatadigan tizim yaratishni topshirdi. Shundan so‘ng xalqning ko‘ngliga xotirjamlik ingandek bo‘ldi. Ammo rahbarlar Prezident topshirig‘ini qay darajada ijro etishini esa vaqt ko‘rsatadi.
Tizimda halollik vaksinasi bo‘lmasa, aslo rivojlanish bo‘lmaydi
Kecha Shavkat Mirziyoyev huzurida qish mavsumida aholini energiya resurslari bilan uzluksiz taʼminlash bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar yuzasidan kengaytirilgan yig‘ilishda bugungi kundagi muammolarda tizimsiz ishlash, energoresurslarni talon-toroj qilish holatlari ham sabab bo‘layotgani ko‘rsatib o‘tildi.
Xususan, o‘tgan bir oyda elektrga 5 mingta, gazga 4,5 mingta noqonuniy ulanishlar aniqlangan.
Davlat rahbari taʼkidlaganidek, elektr va gaz tarmoqlarida talon-torojlik bo‘lganini, tuman hokimlari va sektor rahbarlari, elektr va gaz idoralari boshliqlari bilmasmi-di?
Oxirgi oylarning o‘zida neft-gaz va energiya nazorati tizimlarida 192 ta korrupsiya holatlari aniqlangani ham tizim ichidan yemirilganidan dalolat beradi.
DXX va Bosh prokuraturaga tizimdagi korrupsiyani yo‘q qilish bo‘yicha alohida choralar ko‘rish topshirildi. Demak, tizimda yaxshigina o‘zgarish bo‘ladi.
Kelgusida bunday vaziyatga yo‘l qo‘ymaslik uchun hozirdan aniq choralarni belgilash, yaʼni qayerda gaz bo‘lmasa, suyultirilgan gaz yoki ko‘mir yetkazishni o‘sha kunning o‘zidayoq hal qilish vazifasi qo‘yildi.
Ikki oy muddatda xorijdan malakali mutaxassislarni olib kelib, boshqaruv va ishlab chiqarish jarayonlarini raqamlashtirish bo‘yicha amaliy ishlarni boshlash vazifasi qo‘yildi.
Energiya taʼminotida qayerda uzilish bo‘lgan bo‘lsa, uning sabablarini ko‘rsatib, oqibatlari qancha muddatda bartaraf etilishini odamlarga tushunarli tarzda yetkazish zarurligi qayd etildi.
Xulosa o‘rnida
So‘z yakunida shuni aytish mumkinki, tizim o‘zgarmas ekan, energetika muammolari har qishda bizni qiynashda davom etaveradi. Bizni strukturaviy islohotlar qutqaradi. Aks holda qancha hokim-u “zam”larni ishdan bo‘shatmaylik, “eski hammom — eski tos”ligicha qolaveradi.







