Urush, iqlim inqirozi va dunyoni kutayotgan retsessiya

Davos iqtisodiy forumi bu yil qanday o‘tmoqda?

Urush, iqlim inqirozi va dunyoni kutayotgan retsessiya

 

Har yili dunyoning siyosiy va iqtisodiy elitasi yanvar oyida Shveysariyaning Davosida to‘planadi. Unda global miqyosdagi masalalar yuzasidan fikr almashiladi.

 

Joriy yil Davos forumi o‘ziga xos bo‘lishi aniq edi. 1945 yildan buyon urush ko‘rmagan Yevropa markazi alanga ichida qoldi; iqlim muammolari tobora chigallashmoqda; xalqaro munosabatlarning arxitekturasi o‘zgarish arafasida. Bu va boshqa omillar tufayli forum kun tartibi qizg‘in bo‘lmoqda.

 

Tashkilotchilarning so‘zlariga ko‘ra, tadbirga rekord darajadagi – ikki ming yetti yuzdan ortiq ishtirokchilar tashrif buyurishgan. Ular orasida siyosatchilar, tadbirkorlar, olimlar va jurnalistlar bor. Unda inflyatsiya, past iqtisodiy o‘sish, sanoatning pasayishi, ijtimoiy masalalar muhokama qilinmoqda.

 

Dunyoning ko‘plab mintaqalari tanazzulga yuz tutmoqda va butun dunyo iqtisodiy o‘sishning sekinlashishiga duch kelmoqda. Bu inqirozni faqat birgalikda harakat qilish orqali bartaraf etish mumkin.

 

Dunyo iqtisodiyotini ikkiga bo‘lgan nizo

 

BMT rahbari Antoniu Guterrish maʼruzasi dunyo iqtisodiyotiga bag‘ishlandi.

 

“Biz men eng katta nizo deb ataydigan narsaga duch kelmoqdamiz, bu dunyoning ikki yirik iqtisodiyoti o‘rtasidagi bo‘linishdir”, — dedi BMT rahbari AQSH va Xitoy o‘rtasidagi keskinlik kuchayib borayotganidan ogohlantirib.

 

Guterrishning so‘zlariga ko‘ra, ushbu “tektonik siljish” natijasida dunyoda savdo sohasida ikkita qoidalar to‘plami, ikkita dominant valyuta, ikkita internet va sunʼiy intellekt sohasida ikkita qarama-qarshi strategiya bo‘lishi mumkin. Bunday bo‘linish jahon yalpi ichki mahsulotini 1,4 trillion dollarga kamaytiradi.

 

BMT Bosh kotibi AQSH va Xitoy o‘rtasida, masalan, inson huquqlari va mintaqaviy xavfsizlik masalalarida muqarrar kelishmovchiliklar bo‘lishi mumkinligini tan oladi.

 

“Ammo shunday bo‘lsa ham, —  dedi u, — kelajakda iqtisodiy bo‘linish yoki hatto yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan qarama-qarshiliklarga yo‘l qo‘ymaslik uchun iqlim, savdo va texnologiyalarni rivojlantirish sohasida konstruktiv hamkorlikni yo‘lga qo‘yish nafaqat mumkin, balki zarur”.

 

Iqlim halokati

 

Shuningdek, BMT Bosh kotibi iqlim halokati haqida ham gapirdi.

 

Issiqxona gazlari emissiyasi ortib bormoqda va hech qanday chora ko‘rilmasa, insoniyat meʼyordan 2,8 daraja issiqlikni boshdan kechiradi. Bunday ssenariyning oqibatlari halokatli bo‘ladi.

 

“Yoqilg‘i kompaniyalari 70 yillarda ular ishlab chiqaradigan mahsulot sayyoramizni ʼpishirishiniʼ bilishgan, ammo tamaki sanoati kabi ular ham o‘zlarining haqiqatini targ‘ib qilishgan. Baʼzi neft gigantlari ulkan yolg‘onlarni tarqatishdi. Tamaki sanoatida bo‘lgani kabi aybdorlar javobgarlikka tortilishi kerak”, — dedi Guterrish.

 

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi ko‘mirdan bosqichma-bosqich voz kechish, “qayta tiklanadigan energiya inqilobini” boshlash, qazib olinadigan yoqilg‘iga qaramlikni tugatish va tabiatga qarshi urushni tugatishga chaqirdi.

 

Ukrainadagi mojaroning oqibatlari

 

Guterrishga ko‘ra, harbiy mojaro oziq-ovqat va energiya narxlari, taʼminot zanjiri va yadro xavfsizligiga taʼsir qilib, xalqaro huquq hamda BMT Nizomi asoslarini buzdi.

 

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Ukraina va Rossiyadan oziq-ovqat hamda o‘g‘itlar eksport qilish masalasida barcha saʼy-harakatlarni amalga oshirmoqda.

 

Dunyo endi jim turmasligi kerak

 

Forumda Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy vidokonferensiya orqali nutq so‘zladi.

 

U ittifoqchilarini Rossiya bilan urush paytida Kiyevga yordam berish bo‘yicha qarorlarni tezlashtirishga chaqirdi.

 

“Fojialar hayotdan o‘zib ketmoqda. Zolimlik demokratiyadan oldinda. Urushni boshlash uchun Rossiyaga bir soniya ham kerak bo‘lmadi. Ammo unga qarshi birinchi sanksiyalarni joriy qilishda dunyoga bir necha kun kerak bo‘ldi. Erkin dunyo o‘ylashga sarflagan vaqtini terrorchi davlat o‘ldirishga sarflamoqda.

 

2014 yilda Rossiya hech ikkilanmasdan Qrimni bosib olganida dunyo ikkilandi. 2022 yilda Rossiya ikkilanmasdan keng miqyosli urushga kirganida dunyo ikkilandi. Dunyo bugun va boshqa hech qachon ikkilanmasligi kerak. Yovuzlik qasos olishga intilganda, qatʼiyat va tezlik zarur”, — dedi Zelenskiy.

 

U Ukrainani havo hujumidan mudofaa tizimlari bilan taʼminlash Rossiyaning navbatdagi raketa hujumlaridan oldin, Kiyevga g‘arb tanklarini berish Rossiya zirhli mashinalarining bostirib kirishidan oldin, Ukrainada tinchlikni tiklash esa Rossiya boshqa davlatlarga hujum qilishidan oldin amalga oshirilishi kerakligini taʼkidladi.

 

Ukraina rahbari nutqidan keyingi savollarga javob berar ekan, Kiyev viloyatining Brovari shahridagi vertolyot halokatini urush oqibati deb bilishini aytdi.

 

“Men buni jamiyatimiz boshdan kechirayotgan urush oqibati deb bilaman: bu tasodif emas, bu urush. Urush nafaqat jang maydonida, balki bir necha yo‘nalishda ketmoqda. Bu yog‘iga baxtsiz hodisa degan narsa yo‘q, bularning barchasi urush oqibati”, — dedi Zelenskiy.

 

Germaniya moslashuvchan davlat

 

Germaniya kansleri Olaf Sholts ham Davosdagi Xalqaro Iqtisodiy Forumda so‘zlagan nutqida Yevropa energiyasi va Ukrainadagi urushga to‘xtaldi.

 

Uning so‘zlariga ko‘ra, Berlin Rossiya gazining o‘rnini bosuvchi resursni muvaffaqiyatli topishga muvaffaq bo‘ldi va qish oylarida suyultirilgan gaz terminallari yordamida energiya bilan taʼminlandi.

 

“Bu Germaniya moslashuvchan, tez va byurokratiyasiz harakat qila olishini ko‘rsatdi. Urush tugashi uchun Rossiya tajovuzi barbod bo‘lishi kerak. Shuning uchun ham sheriklarimiz bilan maslahatlashgan holda Ukrainani qurol bilan taʼminlaymiz”, — dedi kansler.

 

Shu bilan birga Shols tinglovchilarning Ukraina Qurolli Kuchlariga nemis tanklarini yetkazib berish boshlanadimi yoki yo‘qmi, degan savoliga aniq javob bermadi.

 

“Biz Ukrainani nafaqat moliyaviy resurslar va insonparvarlik yordami, balki ko‘p sonli qurol-yarog‘ bilan ham qo‘llab-quvvatlaymiz”, — deb taʼkidlagan. Ammo u bu savolga “tank” so‘zini aytmay javob berdi.

 

Ukraina NATOga qabul qilinishi kerak

 

Davosdangi tadbirda so‘zga chiqqan AQSHning sobiq davlat kotibi Genri Kissinjer Ukrainaning Shimoliy Atlantika alyansiga kirishi haqidagi fikrini o‘zgartirganini va endi bu mamlakat kelajakda NATOga qabul qilinishi kerakligiga ishonishini aytdi.

 

“Menimcha, Ukrainaning NATOga aʼzo bo‘lishi to‘g‘ri natija bo‘ladi”, — dedi Kissinjer.

 

Ilgari Genri Kissinjer Ukraina uchun neytral maqomni yoqlab chiqqan va u harbiy ittifoqlarning bir qismi bo‘lmasligi kerak deb hisoblagan.

 

“Hozirgi sharoitda neytral Ukraina g‘oyasi endi mantiqiy emas”, — deb tan oldi siyosatchi.

 

99 yoshli Genri Kissinjer, shuningdek, Moskva bilan muloqotga hamda G‘arb va Rossiya o‘rtasidagi urushning oldini olishga chaqirdi. U kelajakda inqirozdan so‘ng RFning xalqaro tizimga qaytishiga imkon berish kerakligini targ‘ib qildi.

 

O‘tgan yil may oyining oxirida Kissinjer Kiyevga Rossiya bilan tinchlik shartnomasini tuzish uchun baʼzi hududiy imtiyozlarga rozi bo‘lishni taklif qilgan edi. Biroq Ukraina prezidenti Zelenskiy bu taklifni tanqid qilgandi.

 

Yevropa Ittifoqi nima deydi?

 

AQSH va Yevropa davlatlarining sanksiyalari Rossiya iqtisodiyotini retsessiyaga olib keladi, dedi Yevropa komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayen forumda.

 

“Biz mumkin bo‘lgan eng kuchli sanksiyalarni qo‘lladik, bu Rossiya iqtisodiyotini o‘nlab yillik tanazzulga olib keladi hamda uning sanoati hech qanday zamonaviy va muhim texnologiyalarsiz qoladi.

 

Bizning Ukrainani qo‘llab-quvvatlashimiz energiya, issiqlik va suv taʼminotini tiklashdan tortib mamlakatni qayta tiklash bo‘yicha uzoq muddatli saʼy-harakatlarga tayyorgarlik ko‘rishgacha bo‘lgan cheksiz yordamimizni anglatadi. Niyatimizni tasdiqlagan holda biz kecha Yevrokomissiya Ukrainaga 3 milliard yevro miqdorida moliyaviy paket taqdim etganini eʼlon qildik. Bu 2023 yilga mo‘ljallangan 18 milliard dollarlik yordam paketimizning birinchi transhi bo‘lib, uchinchi davlatga berilgan eng yirik makromoliyaviy yordamdir”, — dedi siyosatchi.

 

O‘z navbatida  Vladimir Zelenskiy mablag‘ olinganini tasdiqladi va kuchli qo‘llab-quvvatlash uchun minnatdorchilik bildirdi.

 

Malayziya 1,5 mingga yaqin myanmalikni qaytardi: BMT urush va ta’qib xavfidan ogohlantirdi

Malayziya 1,5 mingga yaqin myanmalikni qaytardi: BMT urush va ta’qib xavfidan ogohlantirdi

UNHCR qochqinlarning urush davom etayotgan mamlakatga qaytarilishi ortidan ta’qibga uchrashi yoki majburiy harbiy xizmatga jalb qilinishidan xavotir bildirmoqda.

Saida Mirziyoyeva Toshkent arxitektura-qurilish universiteti faoliyati bilan tanishdi

Saida Mirziyoyeva Toshkent arxitektura-qurilish universiteti faoliyati bilan tanishdi

Saida Mirziyoyeva zamonaviy va yashil shaharlarni barpo etishda yangi avlod arxitektorlari, loyihachilari va muhandislarini tayyorlash muhimligini ta’kidladi.

Qozog‘istonda harbiylar o‘limi: 13 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Qozog‘istonda harbiylar o‘limi: 13 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

14 nafar harbiy halok bo‘lgan Kaspiy dengizidagi mashg‘ulotlarni rejalashtirishda qoidabuzarliklarga yo‘l qo‘yilgani aniqlandi.

Gaz zaxiralari ko‘paytiriladi: geologik-qidiruv ishlari 5 barobarga oshiriladi

Gaz zaxiralari ko‘paytiriladi: geologik-qidiruv ishlari 5 barobarga oshiriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev neft va gaz tarmog‘idagi yirik loyihalar bilan tanishdi.

Toshkentda 100 ta hojatxona tashkil etiladi: loyihaga 140,4 mln so‘m ajratilishi mumkin

Toshkentda 100 ta hojatxona tashkil etiladi: loyihaga 140,4 mln so‘m ajratilishi mumkin

Sanitariya-gigiyena shoxobchalari soddalashtirilgan tartibda davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etiladi.

Qora dengizda kemada yong‘in chiqdi: ikki kishi halok bo‘ldi

Qora dengizda kemada yong‘in chiqdi: ikki kishi halok bo‘ldi

Ruminiya ommaviy axborot vositalari don ortilgan Turkiya kemasiga dron zarbasi berilganini bildirmoqda.

75 mln so‘mlik jinoyat ishi: «Sirojiddin media» rahbari qamaldi

75 mln so‘mlik jinoyat ishi: «Sirojiddin media» rahbari qamaldi

U firibgarlik va tovlamachilik moddalari bo‘yicha aybdor deb topilgan.

Nobel – 2026: 3 nafar optogenetika asoschilari mukofotlandi

Nobel – 2026: 3 nafar optogenetika asoschilari mukofotlandi

Ularning tadqiqotlari yordamida yorug‘lik orqali nerv hujayralarini aniq faollashtirish yoki faolsizlantirish imkoniyatiga erishildi.

Urush, iqlim inqirozi va dunyoni kutayotgan retsessiya | Zamon.uz